Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil va sifatli mahsulot yetishtirishning asosiy negizi urug‘likka bog‘liq bo‘lib, sifatli urug‘lik yetkazib berish zamirida urug‘larni yetishtirish, qayta ishlash hamda navdorlik va ekinboplik sifat ko‘rsatgichlarini nazorat qilish alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonuni hamda sohaga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan topshiriqlarni bajarilishi yuzasidan joriy yilda yaroqli deb topilgan maydonlardan 2024 yil g‘alla hosili uchun urug‘chilik subyektlari tomonidan urug‘lik bug‘doyning 13 ta seleksion navlarining avlodlari bo‘yicha jami 9247,5 tonna urug‘lik jamg‘arildi.
Bugungi kunda, Navoiy viloyatida 2024 yil hosili uchun urug‘chilik subyektlardagi 2 ta urug‘lik qayta ishlash sexlari tomonidan urug‘lik donni saralash, dorilash, qadoqlash hamda sertifikatlash ishlari boshqarma tomonidan nazoratga olinib, ishlar davom etayotganligini bildirib, hozirgi kunga qadar urug‘lik don tayyorlash sexlari tomonidan 8160 tonna yoki 88 foiz urug‘lik don qayta ishlab tayyorlanganligini va 7669 tonna yoki 83 foiz urug‘lik sara donga sertifikat berildi.
Jumladan, «O‘zdonmahsulot» AKga qarashli «Navoiydonmahsulotlari»AJning urug‘lik don saralash sexida 2954 tonna yoki 99 foiz dorilab, qadoqlangan bo‘lsa, 2023 yil hosilidan 2954 tonna, 2022 yil hosilidan qolgan 1147,7 tonna urug‘lik donga sertifikat berildi, “Navoiy G‘alla Best Seeds” MCHJda 4810 tonna yoki 82 foiz dorilab, qadoqlangan bo‘lsa, 3172 tonna yoki 54 foiz urug‘lik donga sertifikat berilgan, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tizimidagi urug‘lik “Elita urug‘chilik” xo‘jaliklarida 396 tonna urug‘lik don tayyorlanganligi yoki ularning 100 foiz tayyorlangan urug‘lik donga sertifikat berildi.
Navoiy viloyatida mavjud 2 ta urug‘lik tozalash, saralash va qadoqlash sexidan 2024 yil hosili uchun don klaster shaxobachalari va fermer xo‘jaliklariga hozirgi kun holatida 6130 tonna urug‘lik don yetkazib berildi.
Shuningdek, urug‘lik don tayyorlash sex masʼullariga joriy yilda qabul qilib olingan urug‘lik bug‘doy donlarini tez kunda dorilash ishlarini yakunlash, qadoqlangan tayyor mahsulotlarni davlat standart talablari asosida saqlanishi hamda belgilangan taqsimot bo‘yicha realizatsiya qilishlari to‘g‘risida ko‘rsatmalar berildi. Don ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi tomonidan inspeksiyaning viloyat boshqarmasiga urug‘lik don to‘dalarini belgilangan tartibda sertifikatlash va ekish uchun fermer xo‘jaliklariga yetkazib berish ishlarini nazoratga olish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilib, kunlik nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
A.Mirzoyev, «O‘zagroinspeksiya»Navoiy viloyat boshqarmasi