Ру Ўз O`z En

NАVOIYDА JORIY YILDА 13 MING GEKTАRDАN OShIQ MАYDONGА SUVNI TEJАYDIGАN TEXNOLOGIYaLАR JORIY ETILАDI

29 Yanvar 2021 1994

Maʼlumotlarga koʼra, respublikamizda bir yilda oʼrtacha 51 milliard m3 suv ishlatiladi, shundan 80 foizi transchegaraviy daryolar hissiga toʼgʼri kelib, qoʼshni davlatlar hududidagi muzliklar va qorlarning erishi hisobiga shakllanadi. Olingan suvning 90 foizi mamlakatimizning qishloq xoʼjaligi sohasida foydalaniladi.

Yildan yilga aholi sonining oʼsishi va iqtisodiyotning jadal rivojlanishi natijasida suvga boʼlgan talab ortib bormoqda. Bu esa qishloq xoʼjaligida suvdan oqilona va tejab foydalanishni taqozo etmoqda. Joriy yilda Navoiy viloyatida jami 13 025 gektar maydonga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish koʼzda tutilgan. Shundan 12 474 gektari tomchilatib, 551 gektari yomgʼirlatib sugʼorishga toʼgʼri keladi. Jumladan, 10000 gektar paxta, 1 188 gektar ozuqabop ekinlar, 724 gektar tokzor, 579 gektar bogʼda tomchilatib sugʼorish tashkil etilsa, 551 gektar ozuqabop ekinlar maydonini yomgʼirlatib sugʼorish belgilagan.

Mazkur sugʼorish texnologiyalarini oʼrnatish uchun 306 milliard 242 million soʼm mablagʼ talab etiladi. Eʼtiroflisi, fermer va dehqonlarga qulaylik yaratish maqsadida davlatimiz tomonidan bu borada qator yengilliklar yaratilgan.

 Xususan, viloyat miqyosida 2021 yilda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun 96 milliard 643 million soʼm subsidiya ajratilishi rejalashtirilgan. Shundan 80 milliard soʼmi paxta maydonlarini tomchilatib sugʼorish texnologiyalarini qoʼllashga sarflanadi.

- Suv tejovchi texnologiyalari joriy qilingan maydonlarning iqtisodiy samaradorligi yuqori boʼladi,- deydi “Oʼzagroinspektsiya”ning viloyat boshqarmasi qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan suv resurslari va yerlardan foydalanishni nazorat qilish boʼlimi bosh inspektori Mehriddin Vohidov. – Viloyat miqyosida 12 474 ming gektar maydonda tomchilatib sugʼorish texnologiyasini joriy qilish natijasida 84 million metr kub suv tejaladi. Shuningdek, mineral oʼgʼitlardan foydalanish hajmi 8 800 tonnadan 7 000 tonnaga qisqaradi. Paxta maydonlarida hosildorlik gektariga 45-55 sentnerga yetkaziladi.

Viloyatning qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini yetishtirishda yetakchi hududlaridan biri sanalgan Xatirchi tumanida joriy yil 3 648 gektarda tomchilatib sugʼorish joriy qilinsa, bu koʼrsatkich Qiziltepada 3 220, Karmanada 2 955, Navbahorda 2 550, Nurota tumanida esa 652 gektarni tashkil etadi.

Taʼkidlash joizki, fermer xoʼjaliklari va klaster korxonalari tomonidan 12 474 gektarda tomchilatib va 551 gektarda yomgʼirlatib sugʼorish texnologiyalarini oʼrnatilishi boʼyicha Inspektsiyaning viloyat boshqarmasi hamda tuman boʼlimlari xodimlari tomonidan nazorat olib borilmoqda.

 

“Oʼzagroinspektsiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Аxborot xizmati

Text to speech