O‘zbekiston Respublikasida sug‘orilib ishlov beriladigan yerlar bebaho yerlar hisoblanadi. Mamlakatimizning asosiy xo‘jalik ixtisoslashuvini belgilaydigan, aholi turmush darajasini oshirishda birinchi navbatda tayanch vazifasini bajaradigan yer va suv resurslari cheklangandir, shu sababli ushbu resurslardan unumli va oqilona foydalanish, ularning muhofaza qilinishini ta’minlash zarur.
Qolaversa, Respublikada aholi sonining yildan-yilga o‘sib borishi, qishloq xo‘jaligi yerlarining boshqa toifaga o‘tkazilishi va global iqlim o‘zgarishi ta’sirining keskinlashuvi oqibatida so‘nggi 15 yil ichida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan sug‘oriladigan yer maydonlari o‘lchami 0,23 gektardan 0,16 gektargacha, o‘rtacha yillik suv ta’minoti darajasi esa 3 048 metr kubdan 158,9 metr kubgacha qisqardi.
Demak, har qarich yerdan unumli va samarali foydalanish, bu jarayonda qonunbuzilish holatlarini oldini olish, bugungi kunning dolzarb vazifasi hisoblanadi.
"O‘zagroinspeksiya"ning To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5742-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, o‘tkazilgan monitoring tadbirlarida To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Fayziobod MFY, Bog‘cha ko‘chasida yashovchi fuqaro S.R. “Quyoshli yurt Vodiysi” MMTP hududidagi qishloq xo‘jaligi xaritasining 135-konturdagi tuman hokimligi zaхirasida bo‘lgan 0.90 gektarli ekin yer maydonidan 0.70 gektar qismiga noqonuniy o‘zboshimchalik bilan mevali bog‘ tashkil etib hamda uch xonali uy-joy qurib, hech qanday hujjatlarsiz 2009 yildan buyon hozirga qadar foydalanib kelganligi, fuqaro A.U. ham aynan shu konturdagi ekin yer maydonidan 0.10 gektar qismiga noqonuniy ravishda o‘zboshimchalik bilan mevali bog‘ tashkil etib, hech qanday hujjatsiz, tegishli mutasaddi idoralarni ruxsatisiz foydalanib kelayotganligi aniqlandi.
Yuqoridagi kabi holatlar tumandagi Qo‘shqayrag‘och MFYda yashovchi F. A. “Turkiston yangi kuch” MMTP hududidagi “Buramatut gulshani” fermer xo‘jaligi hisobidagi 3-konturda joylashgan 9.6 gektarli ekin yermaydonidan 0.09 gektar qismiga o‘zboshimchalik bilan mevali bog‘ tashkil etgan hamda 1-xonali uyga qurilish ishlarini boshlab yuborgan. Buning uchun esa hech qanday hujjat rasmiylashtirilmagan va tegishli idoralar ruxsati olinmagan.
“O‘zagroinspeksiya” To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan fuqarolar S.R, A.U. va F.A.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtK.ning 60-moddasi 2-qismi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi va tuman sudiga yuborilib jazo muqarrarligi ta’minlanib, ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan tuman hokimligiga taqdimnoma kiritildi.
“O‘zagroinspeksiya”ning To‘raqo‘rg‘on tuman
bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari
M.Saidumarov