Ру Ўз O`z En

Oʻzbekiston oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sanoati vakillari uchun bepul vebinarlar tashkil qilinmoqda

1 Iyun 2020 4453
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “AGROCOMP& loyihasi doirasida Yevropada malaka oshirib qaytgan yurtimiz mutaxassislari Oʻzbekistonda oʻz tajribalarini oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sanoati vakillariga ulashmoqdalar.
 
Mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini·va aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashni yaxshilash, agrar sektor ishlab chiqarishining samaradorligini oshirish, qishloqlarni obod etish asosida qishloq aholisining daromadlari va turmush darajasini yuksaltirish vazifalarining amalga oshirilishi davlatimiz uchun ustuvor ahamiyat kasb etishi hech kimga sir emas.
 
Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan yalpi ichki mahsulotning 26-30% shu sanoat ulushiga toʻgʻri kelayotgan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sanoatini rivojlantirishga va soha vakillarini qoʻllab-quvvatlashga oʻzining munosib hissasini qoʻshish maqsadida Oʻzbekiston savdo-sanoat palatasi bir qator xorijiy va milliy hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Oʻzbekistonda “AGROKOMP – Qozogʻiston va Oʻzbekistonda qiymat zanjiri, barqaror rivojlanish va eko-innovatsiyalarni takomillashtirish orqali Oʻzbekiston va Qozogʻiston oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sanoati korxonalarining raqobatbardoshligini oshirish” loyihasini amalga oshirmoqda.
 
Loyiha 2017-2020-yillar uchun moʻljallangan boʻlib, Formaper – Milan-Monsa-Briansa-Lodi (Italiya) Savdo-sanoat, hunarmandlik, va qishloq xoʻjaligi palatasi, Oʻzbekiston savdo-sanoat palatasi, Qozogʻiston Respublikasi (Olma-ota) “Savdo va sanoat korxonalari assotsiatsiyasi” YUSHU, Qaragʻanda viloyati savdo palatasi (Qaragʻanda), Jambil viloyatining ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi (Taraz), va Innovxab ESI - Milan-Monsa-Briansa-Lodi (Italiya) Savdo-sanoat, hunarmandlik, va qishloq xoʻjaligi palatasi konsorsiumi tomonidan amalga oshirilmoqda.
 
Oʻzbekiston Savdo Sanoat palatasi raisi Adham Ikramovning soʻzlariga koʻra, loyihadan koʻzda tutilgan asosiy maqsad - Yevropa Ittifoqining oziq-ovqat sanoati va agrobiznes sohasida faoliyat yuritayotgan yetakchi korxonalari tomonidan foydalanilayotgan ilgʻor tajribalarni oʻrganish va tatbiq qilish orqali mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashda qishloq xoʻjaligi korxonalarini samarali qoʻllab-quvvatlash, hamda ularni sifat jihatdan yangi raqobatbardoshlik darajasiga olib chiqish maqsadida professional mutaxassislar tarmogʻini yaratish va mustahkamlashdan iborat.
 
Yurtimizda loyihaning pilot hududlari sifatida Toshkent shahri, Toshkent va Namangan viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi tanlab olingan boʻlib, aynan ushbu hududlardan saralab olingan malakali mutaxassislar Oʻzbekiston va Italiya mamlakatlari hududida maxsus “study visit”, “twinning” va “internship” dasturlari asosida 2 bosqichda tashkil etilgan seminar va amaliyot mashgʻulotlarida olingan tajribaga koʻra agrosanoatning zamonaviy trendlarini Oʻzbekistonga tatbiq etishayapti.
 
Hozirda loyiha doirasida olingan tajribani ommalashtirish va karantin davrida sohaga qiziqish bildirayotgan barcha yurtdoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash maqsadida biznes va agrosanoat sohasida bilimlarni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan bepul vebinarlar tashkil qilingan. Ularni yevropalik soha professionallari bilan hamkorlikda tajriba orttirgan va koʻp yillik tajribaga ega spikerlar biznesni tashkil etish, boshqarish, marketing, servis va yana koʻplab mavzularda olib bormoqdalar.
 
Shu bilan birga, loyiha doirasida fermerlar va ayollar tadbirkorligiga ham alohida eʼtibor beriladi. Loyiha doirasida Oʻzbekistonning qishloq joylarida yashovchi kamida 25 nafar fermer xoʻjaliklari vakillarining biznes-rejalarini tayyorlashga, hamda 100 nafar ayolga bepul biznesga oid maslahatlar, yuridik va psixologik koʻmaklar taqdim qilinadi, hamda ularning bizneslarini tashkil etish va rivojlantirishga yaqindan yordam beriladi.
 
Manba: UzA
Text to speech