Ру Ўз O`z En

Paxta qabul qilishdagi nizoli holatlar adolatli hal etilyaptimi?

7 Oktyabr 2020 2771

O‘zbekiston Respublikasi  Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 2020 yilda yetishtirilgan paxta hosilini sifatli qabul qilish va topshiruvchi hamda qabul qiluvchilar o‘rtasida yuzaga keladigan nizoli holatlarni adolatli hal etish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 sentabrdagi “2020 yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 545-sonli qarorida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, O‘zstandart” agentligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Resublikasi va viloyatlardagi 387 ta tayyorlov maskanlarida paxta xom-ashyosini qabul qilishda nizoli holatlarni adolatli hal etish uchun Arbitraj guruhlari tashkil etildi.

Joriy yilning 6 oktabr holatiga tayyorlov maskanlarida qabul qilinayotgan paxta xom-ashyosining namligi va iflosligini aniqlash yuzasidan Arbitraj guruhlariga 246 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 155 ta holat fermer xo‘jaliklari foydasiga, 91 ta holatda tayyorlov korxonasi foydasiga hal etilgan.

Jumladan, Qashqadaryo viloyati tumanlarida tashkil etilgan Arbitraj guruhlariga shu kunga qadar jami 42 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 23 tasi fermer xo‘jaliklari foydasiga hal etilgan.

Birgina misol, joriy yilning 5 oktabr kuni Muborak tumanida tashkil etilgan Arbitraj guruhiga “Ozoda Abdiqodir qizi”, “Rufat Jumaev”, “Eshturdi Xo‘jaev”, “Asilbek Narzullaev”, “Dilshod Elshod” fermer xo‘jaliklari tomonidan qilingan 5 ta murojaatga asosan, shu kunning o‘zida har bir fermer xo‘jaligi tomonidan “MT Amir tex” QKga qarashli Xitoy paxta tayyorlov maskaniga topshirilgan paxta xom-ashyosidan olingan namuna bo‘yicha maskan laboratoriyasida Arbitraj guruhi ishtirokida qayta sinov o‘tkazildi.

O‘tkazilgan sinovlar davomida, namlik va ifloslik ko‘rsatkichlari bo‘yicha paxta xom ashyosining konditsion vazni qayta hisob kitob qilinib, natija fermer xo‘jaliklari foydasiga hal etildi va dalolatnomalar tuzildi.

Tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlariga asosan Arbitraj guruhlari tomonidan nizoli holatlarni hal etish natijalari bo‘yicha dalolatnomalar rasmiylashtirib borilmoqda.

Bu yilgi g‘o‘za maydonlarida yetishtirilgan paxta hosilini sifatli qabul qilinishi “O‘zagroinspeksiya” tomonidan muntazam nazorat etilishi natijasida, joriy yilning 6 oktabr holatiga respublikada tayyorlangan paxta xom-ashyosining qariyb 99 foizi yuqori navlarga qabul qilingan.

“O‘zagroinspeksiya” va uning hududlardagi boshqarma hamda bo‘limlar mutasaddilari tomonidan fermer xo‘jaliklari, paxta to‘qimachilik klasterlari va tashkil etilgan kooperatsiyalarga yetishtirilgan paxta xom-ashyosini yuqori navlarga topshirish orqali qo‘shimcha daromad manbaini yaratish hamda paxta xom-ashyosini sifatli qabul qilib va uni qayta ishlash orqali raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish mumkinligi yuzasidan tushuntirishlar va kerakli tavsiyalar berib borilmoqda.

Text to speech