Bobo dehqonlarimizning yil davomida qilgan zahmatli mehnatlari natijasi ha demay paxta qabul qilish maskanlarida togʼday uyulib boʼy koʼrsatadi. Paxta xom-ashyosini terish va tayyorlov maskanlariga topshirish ayni damda qizgʼin pallaga kirgan. Dalalarda terib olinib, paxta tayyorlov maskanlariga qabul qilinayotgan paxtaning sifatini aniqlash, sof (fizik) vazn bilan konditsion vazn oʼrtasidagi farqlarning haqqoniyligi va chegirmalarning adolatli qoʼllanilishi arbitraj guruhlari nazoratida boʼladi.
Shuningdek, paxta xom-ashyosini qabul qilish jarayoni ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida ushbu jarayonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan va elektron tarozilardan foydalanish belgilangan.
Odatda fermer xoʼjaliklari paxtani topshirishda tayyorlov maskanlariga qarashli laboratoriyalar tomonidan aniqlangan navi, sinfi, namlik koʼrsatkichiga eʼtiroz bildirishadi.
Paxtaning navi, sinfi uning narxiga toʼgʼridan toʼgʼri taʼsir qilsa, iflosligi va namligining meʼyordan yuqori boʼlishi uning vaznining chegirmalar hisobidan kamayishiga sabab boʼladi. OzDst 615 davlat standartiga muvofiq ushbu chegirmalar paxtaning iflosligi 2 foizdan, namligi 9 foiz meʼyorlardan oshganda hisoblanadi.
Paxtani qabul qilish-topshirish jarayonida paxtaning sifati boʼyicha vujudga kelgan nizoli holatlarni xolis koʼrib chiqish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining “2020 yil paxta hosilini yigʼib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” 2020 yil 8 sentyabrdagi 545-sonli qaroriga asosan, “Oʼzagroinspektsiya” Qishloq xoʼjalik vazirligi, “Oʼztoʼqimachiliksanoat” uyushmasi, “Oʼzstandart” agentligi, Oʼzbekiston fermer, dehqon hoʼjaliklari va tomorqa yer kengashi bilan birgalikda Respublikaning har bir hududida, shuningdek har bir paxta yetishtiruvchi tumanda arbitraj guruhlari tashkil etildi.
Paxtadan namunalar olish, uning sifat koʼrsatkichlarini aniqlash tartibi bir nechta davlat standartlarida belgilangani sababli, mutaxassis boʼlmagan shaxslarga bu standartlardan kerakli maʼlumotlarni olish qiyinchiliklar tugʼdirishi tabiiy hol. Paxtani qabul qilishda laboratoriya sinovlarini oʼtkazishni shaffofligini taʼminlash maqsadida, “Oʼzagroinspektsiya” tomonidan ushbu standartlarning eng asosiy talab va tartiblari tanlab olinib, tizimli holatga keltirildi va “2020 yil paxta hosilini qabul qilish mavsumida paxta xom-ashyosining sifat koʼrsatkichlarini aniqlash boʼyicha metodik qoʼllanma” ishlab chiqildi.
Shuningdek, ushbu nazorat tadbirini sifatli oʼtkazish maqsadida “Oʼzagroinspektsiya” hodimlari uchun onlayn koʼrinishda oʼquv semenari tashkil etilib, tegishli koʼrsatmalar berildi, shu bilan birga “Oʼzagroinspektsiya”ning hududiy boshqarmalari tomonidan arbitraj guruhlari va manfaatdor tomonlar ishtirokida paxtani qabul qilishda laboratoriya sinovlarini oʼtkazish va nizoli holatlarni bartaraf etish boʼyicha oʼquv seminarlari oʼtkazilmoqda.
Paxta xom ashyosini qabul qilishda sof va konditsion vaznlardagi farqi notoʼgʼri belgilanganda yoki asossiz chegirmalar qoʼllanilganda “Oʼzagroinspektsiya”ning (71) 202-12-11-raqamli Respublikadagi ishonch telefoniga yoki Qoraqalpogʼiston Respublikasi va viloyat hududiy boshqarmalari hamda tumanlarda tashkil etilgan ishonch telefonlariga murojaat etishingiz mumkin. Har bir murojaat arbitraj guruhi tomonidan xolis va tezkor koʼrib chiqilishi taʼminlanadi.
Paxta xom-ashyosi va uni qayta ishlashda olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish boʼlimi