Ру Ўз O`z En

Qashqadaryo: G‘alla mavsumiga tayyorgarlik

27 May 2022 1634

Yana bir necha kundan so‘ng g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari boshlanadi. O‘tgan yil kuzidan boshlangan mehnatning samarasi bugun dalalarda g‘allalar bo‘y ko‘rsatmoqda. Maʼlumot o‘rnida aytish lozim, joriy yilda Qashqadaryo viloyatida 26 ta g‘allachilik klasterlari tashkil qilinib, 2022 yil hosili uchun 140,0 ming gektar suvli maydonlarda 6600 nafar fermer xo‘jaliklari bilan fyuchers shartnomasi asosida boshoqli don hosili yetishtirilmoqda. Har bir gektardan o‘rtacha 69,7 sentnerdan jami 360 ming tonnadan ziyod g‘alla yetishtirish ko‘zda tutilgan.

Belgilangan rejani bajarish, g‘alla o‘rim-yig‘imini o‘z muddatida va sifatli tashkil etish maqsadida 379 ta texnika, jumladan “Keys”, “Klas”,  “Vektor-410”, “NY-holland” va boshqa rusumli don o‘rish kombaynlari “Agroservis MTP” MCHJning tuman filiallarida markazlashgan holda yig‘ilib, taʼmirlash ishlari olib borildi. “O‘zagroinspeksiya” ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan har bir kombaynning taʼmirlanishi bo‘yicha inspeksiya qilingan mablag‘larning o‘zlashtirilishi va ehtiyot qismlar bilan to‘liq taʼminlanishi yuzasidan kunlik nazorat tadbirlari olib borildi. Ayni kunlarda operatorlar bilan mavsum oldi targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, Inspeksiyaning ko‘chma diagnostika maxsus avtomashinasida har bir kombayn ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

Xususan, Nishon Agroservis mashina traktor parkida ham mavsum oldi targ‘ibot ishlari olib borilib maskandagi kombaynlar texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.

-Viloyat tumanlari ichida eng ko‘p kombayn Nishon tumanida bo‘lib, bugun 65 ta yuqori unumli kombaynlar mavsumga shay holatda,-deydi “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi katta inspektori Sh. Tojiyev. - Bugun 9 xil turdagi ko‘chma diagnostik vositalar asosida yana bir bor texnik ko‘rik tashkil etildi va kamchiliklar joyida bartaraf etilmoqda.

Mavsumga shay kombaynlar tegishli ishchi guruh  tomonidan dalolatnoma asosida to‘liq qabul qilib olinib, sertifikatlar topshirildi.

Mavsumni qisqa muddatlarda uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun  176 ta o‘rim-yig‘im otryadlari tashkil etilib, don o‘rish kombaynlaridan tashqari yana   1738 dona don tashish transportlari, 67 ta yoqilg‘i moylash mahsulotlari quyish texnikalari hamda  118 ta ko‘chma taʼmirlash ustaxonalari bilan taʼminlandi.

Shu bilan birga hududlardagi o‘z ishiga masʼuliyat bilan yondoshuvchi, fidokor hamda jamoatchilik orasida faol bo‘lgan tashkilot rahbarlaridan otryad boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari tayinlandi.

Viloyatning barcha tumanlarida masʼul rahbarlar tomonidan o‘quv amaliy seminarlari tashkil etildi. Seminarlarda o‘rim-yig‘im mavsumini betalofat o‘tkazish, har bir donni isrof qilmasdan yig‘ib olish va joriy yilda har yilgidan farqli ravishda, o‘rim muddatini kamida 10 kunga qisqartirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. 

Maqsad g‘allakorlar tomonidan yetishtirilgan 140 ming gektar maydondagi g‘allani nes-nobul qilmay qisqa muddatlarda o‘rib-yig‘ib olish rejalashtirilgan.

S. Ismoilova, “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi axbort xizmati rahbari

Text to speech