Ру Ўз O`z En

Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari sifati va xavfsizligi masalasida xalqaro hamkorlikka erishilmoqda

1 May 2024 822

Bugun "O‘zagroinspeksiya" huzuridagi "Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash" davlat muassasasining markaziy urug‘chilik laboratoriyasiga yurtimizda bo‘lib turgan Germaniyaning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi federal vaziri o‘rinbosari Dr. Ofeliya Nik boshchiligidagi delegatsiyaning bir guruh vakillari tashrif buyurdi.

Mutaxassislar dastlab, Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ko‘chatlarining ekinbopligini, GMO va xavfsizligini aniqlash laboratoriyasi faoliyati hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatlashtirish, Paxta tolasi va momig‘ini sinovdan o‘tkazish, Standart namunalar tayyorlash jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar va so‘ngida markaziy laboratoriya imkoniyatlarini yuqori baholadilar.

Tadbir davomida Markaz rahbari J. Karimov boshchiligidagi laboratoriya mutaxassislari, ikkinchi tomondan O‘zbekiston-Germaniya ikki tomonlama hamkorlik dasturi vakili- Dr. Malte Myuller boshchiligidagi ekspertlar- Qishloq xo‘jaligida barqaror va iqlimga chidamli urug‘chilik va sifatli ozuqa ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha doirasida qanday ko‘mak bera olishi mumkinligi borasida samimiy suhbat qurdilar.

Suhbat davomida ekspertlarga "Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash" markazi tomonidan "O‘zagroinspeksiya"ning markaziy urug‘chilik laboratoriyasini xalqaro ISTA tashkilotidan akkreditatsiyadan o‘tkazishda ko‘maklashish hamda shu maqsadda laboratoriya hujjatlari va xodimlarini tayyorlash uchun uzoq muddatga xalqaro ekspert ajratish va kelgusida mazkur sohada yangi loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

"O‘zagroinspeksiya" Axborot xizmati

Text to speech