Ру Ўз O`z En

Qishloq xo‘jaligida yetkazilgan zararlar qanday baholanadi?

1 Iyul 2020 5150

Bugungi kunda dunyo bo‘yicha  oziq-ovqat tanqisligi yuzaga kelayotgan bir paytda mamlakatimizda ham agrar sohada tub islohotolar amalga oshirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.    

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 - 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019 yil 23 oktabrdagi PF-5853-son farmoniga asosan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat havfsizligi sohasida ko‘plab islohotlarni amalga oshirish belgilandi.

Shu bilan bir qatorda Tarmoq statistikasining shaffof tizimini ishlab chiqish uchun amaliyotda bir qancha kamchiliklar mavjudligi ham belgilangan:

  * ishlab chiqarish hajmi va mehnat unumdorligini baholash natijalari joylardagi haqiqiy holatga mos kelmasligi;

   * aniq va ishonchli ma’lumotlarning yetishmasligi yangi normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishini, shuningdek, ularning sohaga ta’sirini ob’ektiv baholash imkonini bermasligi qayd etilgan.

So‘nggi vaqtlarda respublikamizda qishloq xo‘jaligi sohasida ko‘plab islohotlar, ya’ni paxta, g‘alla sabzavot va boshqa sohalarda yirik klasterlar, kooperatsiyalar, uyushmalar va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari tashkil etilmoqda, shuningdek, fermer xo‘jaliklari maqbullashtirilmoqda.  

Amaliyotda yuqorida keltirilgan qishloq xo‘jaligi sub’ektlari orasida qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirish, agrotexnik harajatlar va shu kabi boshqa yetkazilgan zararlarni aniqlash instituti yetarli darajada shakllanmaganligi sababli, ushbu institutni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur.  

Qolaversa, agrar sohada faoliyat yurituvchi jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni baholovchi yuridik shaxslar ko‘p hududlarda yo‘qligi bois zarar ko‘rgan shaxslar bilan turli hil muammolar yuzaga kelmoqda..

Misol uchun joriy yilning 11 fevralida (ro‘yxat raqami 3/4824-son) Buxoro viloyati Kogon shahar ma’muriy sudi tomonidan bitta fermer xo‘jaligining yer maydoni yetishtirilgan ekinlari bilan birga boshqa fermer xo‘jaligiga o‘tkazilganligi sababli, ma’muriy sud  sobiq fermer xo‘jaligi rahbarining qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirishi uchun urug‘chilik, agrotexnika va boshqa xarajatlarini aniqlab berishi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga topshiriq xati kelgan.

Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining 2019 yil 31 iyuldagi 6, 136-sonli «Davlat xizmatlari yagona reestrini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga asosan yuqorida keltirilgan xizmat turi hamda  mazkur xizmatni amalga oshiruvchi davlat organi va tashkiloti belgilanmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4241-son qaroriga asosan “O‘zagroinspeksiya”ning asosiy vazifalaridan biri-qishloq va suv xo‘jaligi sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishi holatini tartibga soluvchi va tekshiruvchi davlat organi hisoblanadi.

  Hozirda “O‘zagroinspeksiya” va uning tarkibidagi tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga agrar sohada 20 dan ortiq xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Bugungi kunda jismoniy va yuridik shaxslarning agrar sohada o‘zlariga yetkazilgan zararlarni aniqlash va baholash bo‘yicha turli xil muammolarni bartaraf qilish, ularning og‘irini yengil qilish, shu bilan birga, mavjud qonunchiliqni bir-biriga tasniflash maqsadida “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarma yoki tuman (Quvasoy shahar) bo‘limlari tomonidan yetkazilgan zararni mavjud bozor sharoitidan kelib chiqib xulosalar berish tizimini yaratish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Mazkur baholash tizimini “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarma yoki tuman (Quvasoy shahar) bo‘limlarida tashkil etish natijasida:

“O‘zagroinspeksiya”ga belgilangan vazifalar to‘liq amalga oshirilgan hisoblanadi;

* agrar sohada faoliyat yurituvchi jismoniy va yuridik shaxslarga amaliyotda o‘zlari faoliyat yuritayotgan hududdagi tashkilotlarga murojaat qilish va ortiqcha ovaragarchiliklarning oldi olinadi; 

* yetkazilgan zararni baholovchi tashkilotlar bilan raqobat muhiti yuzaga keladi;

* amaliyotda klasterlar va fermer xo‘jaliklari hamda boshqa qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchilar o‘rtasida yetkazilgan zararni baholash mexanizmi joriy etiladi;

* qishloq xo‘jaligi yer maydonlari bitta mulk egasidan boshqa mulk egasiga o‘tganda yetkazilgan zararni qoplash masalalari va mavjud koperatsiyalar o‘rtasida yetkazilgan zararlarni aniqlash bilan bog‘liq zararlarni mavjud bozor narhlaridan kelib chiqib aniqlash mexanizmlari shakllantiriladi.

      

Xudoyor MAShARIPOV,

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Huquqiy-ta’minlash va xalqaro-huquqiy munosabatlar bo‘limi boshlig‘i

Text to speech