Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyuldagi 575-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi toʼgʼrisida”gi Nizomga asosan Inspektsiyaning Chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish boʼyicha asosiy vazifalari belgilab berilgan.
Shunga koʼra, Inspektsiyaning Bulungʼur tuman boʼlimi tomonidan tumanda mavjud naslchilik xoʼjaliklari, tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʼlimiga qarashli zooveterinariya shaxobchalari hamda hududiy “Chorvanasl” markazining Bulungʼur tuman boʼlimi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar oʼrganib chiqildi.
Bugungi kunda, tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʼlimi tomonidan tumandagi 55 ta mahalla fuqarolar yigʼini hududlarida 18 ta veterinariya shaxobchalari tomonidan veterinariya xizmati olib boriladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 noyabrdagi 52-sonli yigʼilish bayonida har bir tumanda zamonaviy sunʼiy urugʼlantirish punktlarini tashkil etish va ishga tushirish topshirigʼi berilgan boʼlsada, tumanda bugungi kunga qadar birorta ham yangi sunʼiy urugʼlantirish punkti tashkil etilmagan. Faoliyat koʼrsatayotgan 18 ta shaxobchalar ham talabga javob bermaydi, tumanning “Ipak yoʼli” MFY hududida joylashgan Z.Mashʼal veterinariya shaxobchasi esa avariya holatida.
Bundan tashqari, mavjud shaxobchalarning birortasida ham mikroskop va muzlatgichlar mavjud emas, 8 ta shaxobcha Dьyuar idishi bilan taʼminlanmagan.
Veterinariya shaxobchalarida sunʼiy urugʼlantirish boʼyicha jurnal va kitoblar mavjud boʼlsada, veterinariya vrachlari tomonidan ushbu kitoblarga amalga oshirilgan ishlar toʼliq kiritilmagan.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 sentyabrdagi 748-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, tumandagi chorvachilik xoʼjaliklarida mavjud hayvonlarni identifikatsiya qilish uchun 22 ta shartnoma tuzilgan hamda shartnomaga asosan 11 ta pul koʼchirgan xoʼjaliklardagi 434 bosh hayvonlar identifikatsiya qilinib, davlat roʼyxatiga olingan.
Bugungi kunda Bulungʼur tumanida 7 ta qoramolchilik yoʼnalishidagi naslchilik xoʼjaliklari mavjud boʼlib, ushbu xoʼjaliklarda jami 449 bosh naslli mol, shundan 179 bosh sigir mavjud. Naslchilik xoʼjaliklariga jami 312,1 gektar shundan, 203,6 gektar suvli yer maydonlari ajratilgan.
Tumandagi naslchilik xoʼjaliklarida jami 355 shartli mol bosh soni boʼlib, har bir shartli mol bosh soniga oʼrtacha 0,57 gektar suvli yer maydonlari toʼgʼri keladi.
Oʼtkazilgan nazorat tadbirlari davomida “Аzimmurod Boymurodov dalasi” fermer xoʼjaligidagi jami 51 shartli mol bosh soniga 32 gektar suvli yer maydoni ajratilganligi aniqlandi. Oʼzbekiston Respublikasining “Fermer xoʼjaligi toʼgʼrisida”gi Qonunining 5-moddasiga asosan, naslchilik yoʼnalishidagi xoʼjaliklarga har bir shartli mol bosh soni uchun 0,50 gektar suvli yer maydoni ajratilishi koʼrsatilgan boʼlsada, ushbu fermer xoʼjaligiga har bir shartli mol bosh soniga 0,63 gektar yer maydoni ajratilgan. Yaʼni meʼyorga nisbatan har bir shartli molga 0,13 gektar yer maydoni koʼp ajratilgani aniqlandi.
Shuningdek, “Yangi qishloq” fermer xoʼjaligidagi jami 18 shartli mol bosh soni boʼlib, unga 17,1 gektar suvli yer maydoni ajratilgan. Bu bilan Oʼzbekiston Respublikasining “Fermer xoʼjaligi toʼgʼrisida”gi Qonunining 5-moddasi talablari qoʼpol tarzda buzilgan. Yaʼni, qonunga binoan chorvachilik yoʼnalishidagi fermer xoʼjaligini tashkil etish uchun kamida 30 shartli mol bosh soni talab etiladi. Tahlillar shuni koʼrsatmoqdaki, ushbu fermer xoʼjaligidagi xar bir shartli molga meʼyorga nisbatan 0,45 gektar koʼp yer maydoni ajratilgan.
Bunday holatni “Xazrat bobo” hamda “Mustafoqul polvon dalasi” fermer xoʼjaliklarida ham kuzatish mumkin.
Shuningdek, “Nuriddin-А” fermer xoʼjaligida jami 30 shartli mol bosh soni mavjud boʼlib, ushbu fermer xoʼjaligiga 12,4 gektar suvli yer maydoni ajratilgan. Mazkur holatda yuqoridagi qonun talablari buzilganligi maʼlum boʼldi.
Jumladan, ushbu fermer xoʼjaligida xar bir shartli mol boshi soniga 0,41 gektar yaʼni meʼyorga nisbatan har bir shartli molga 0,09 gektar yer maydoni kam ajratilgan.
Bunday holatni “Ravotxoʼja” fermer xoʼjaligida xam kuzatish mumkin. Fermer xoʼjaligidagi 52 shartli mol bosh soniga 0,26 gektardan jami 13,6 gektar suvli yer maydoni ajratilgan. Bu yerda xoʼjalikdagi xar bir shartli mol bosh soniga 0,24 gektar yer maydoni kam ajratilganligi aniqlandi.
Naslchilik xoʼjaliklarining 2 tasida, yaʼni “Yangi qishloq” va “Mustafoqul polvon chorvasi” fermer xoʼjaliklarida sunʼiy urugʼlantirish punktlari mavjud, qolgan xoʼjaliklarda esa sunʼiy urugʼlantirish punkti hamda mutaxassislari mavjud emas.
Bundan tashqari, “Аzimmurod Boymurodov dalasi” fermer xoʼjaligi naslchilik yoʼnalishida faoliyat yuritsada, ayni vaqtda xoʼjalikda mavjud qoramollar umuman talabga javob bermaydi.
Аniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, Bulungʼur tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʼlimi rahbariga ogohlantiruv, “Ravotxoʼja”, “Mustafoqul Polvon dalasi”, “Xazrat bobo” va “Nuriddin-А” fermer xoʼjaliklari rahbarlariga nisbatan bajarilishi majburiy boʼlgan yozma koʼrsatmalar berildi.
Ulugʼbek Yaxshimurodov, Inspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi katta inspektori