Inspektsiyaning Navoiy viloyat boshqarmasi Konimex tumani boʼlimi tomonidan qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish yuzasidan tadbirlar oʼtkazilib, aniqlangan qonunbuzilishlar boʼyicha tegishli choralar koʼrilmoqda.
Jumladan, oʼtgan 6 oy davomida oʼtkazilgan nazorat tadbirlari davomida fermer xoʼjaliklari va boshqalar tomonidan yer maydonlariga noqonuniy qurilmalar oʼrnatilganligi, yerdan samarasiz foydalanilganligi va boshqa bir qator kamchiliklarga yoʼl qoʼyilganligi aniqlandi.
Xususan, tumandagi “Shoʼrtepa” mahalla fuqarolar yigʼinidagi “Momiqchi obod” fermer xoʼjaligi rahbari xoʼjalik maydoniga noqonuniy qurilma qurib foydalanib kelgan. Fermer tuman inspektorlari tomonidan bu qurilmani oʼz hisobidan buzish boʼyicha rasman ogohlantirilganiga qaramay talabga boʼysunmagan va ushbu holat yuzasidan unga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksning 198-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, taalluqliligi boʼyicha tuman maʼmuriy sudiga yuborilgan.
- Nazorat tadbirlarida vakolatimiz doirasidagi har bir kamchilikni aniqlab, uni bartaraf etishga harakat qilyapmiz, - deydi Inspektsiya tuman boʼlimi katta inspektori Ulugʼbek Toshtemirov. – Olib borilgan oʼrganish va tekshirishlarda fermer xoʼjaliklari va boshqa qishloq xoʼjaliklari egalari, yer uchastkasida sugʼoriladigan yerlarning meliorativ holatini yomonlashishiga va tuproq unumdorligi pasayishiga olib kelgan xoʼjalik faoliyatini yuritganligi uchun ularga nisbatan ham qatʼiy choralar koʼrildi. Masalan, tumanning “H.Olimjon” hududidagi “Аymiken”, “Shoʼrkoʼl” hududidagi “Ruslanjon Xondamir kelajagi” fermer xoʼjaligi rahbarlariga nisbatan MJtKning 65-moddasi 3-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, taalluqliligi boʼyicha tuman maʼmuriy sudiga yuborildi. Shu bilan birga nazorat tadbirlarimiz davomida sohaga oid qonunchilik yuzasidan ham targʼibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Inspektsiya viloyat boshqarmasining 2020 yil 14 maydagi 8-sonli buyrugʼiga asosan tuman yer resurslari va davlat kadastri boʼlimida tuman agroinspektsiya inspektorlari tomonidan “Fermer xoʼjaliklari va boshqa qishloq xoʼjaliklaridagi yer uchastkalarini uzoq muddatli ijaraga berish uchun tuzilgan shartnomalar shartlariga rioya etilishi” boʼyicha tekshirish oʼtkazildi. Natijada bir qator xato va kamchiliklarga yoʼl qoʼygan tuman yer resurslari va davlat kadastrining masʼul xodimiga nisbatan Inspektsiyaning viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasiga qatʼiy chora qoʼllash yuzasidan taqdimnoma kiritildi.
Bundan tashqari tuman hududlarida Oʼzbekiston Respublikasi Yer kodeksi hamda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xoʼjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-5742-son Farmoni ijrosi ahvoli oʼrganildi. Bu borada ham qator kamchiliklarga yoʼl qoʼygan mutasaddi tashkilotlar va yerdan foydalanuvchilar aniqlanib, ularga nisbatan qaʼtiy choralar koʼrish yuzasidan tuman hokimi oʼrinbosariga taqdimnoma kiritildi.
“Oʼzagroinspektsiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati