Respublika paxtachiligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi eng shimoliy mintaqada joylashganligi bilan ajralib turadi. Shu boisdan ham ushbu mintaqada asosan ertapishar g‘o‘za navlarining urug‘lik chigiti tayyorlanadi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining qaroriga binoan 2023-yil hosili uchun 86 ming 800 gektar maydonga istiqbolli, rayonlashtirilgan va yangi g‘o‘za navlarini ekish belgilangan.
Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 14 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyat yuritib kelmoqda. Mavjud klaster korxonalarini uzluksiz ravishda yuqori avlodli (original, elita) urug‘lik chigit bilan taʼminlab borish maqsadida hududlarda 4 ta elita urug‘chilik xo‘jaligi faoliyat olib bormoqda.
2023-yil hosili uchun chigit ekiladigan maydonlar talabidan kelib chiqib, Respublikada 4 ming 400 tonna urug‘lik chigitni tozalash-saralash, 100 tonna tuksizlantirish hamda 4 ming 150 tonna dorilash (paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan) talab etiladi.
Mazkur jarayonlar Amudaryo, Beruniy va Kegeyli tumanlaridagi urug‘lik chigit tayyorlash korxonalarida amalga oshirib kelinmoqda.
Mazkur jarayonlar bilan jamoatchilikni yaqindan tanishtirish maqsadida OAV vakillari, urug‘lik tayyorlovchi klaster korxonalarining masʼul xodimlari va urug‘lik yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari ishtirokida “Beruniy paxta urug‘chiligi” MCHJ ga qarashli urug‘lik sexida press-tur tashkil qilindi.
“Beruniy paxta urug‘chiligi” MCHJ tomonidan 420 tonna urug‘lik chigitni tozalash-saralash va 400 tonna urug‘lik chigit dorilash belgilangan bo‘lib, fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalariga sifati kafolatlangan urug‘liklarni muvofiqlik sertifikati asosida realizatsiya qilib kelmoqda.
Korxonada urug‘larni belgilangan normativ-hujjatlar talablariga asosan tayyorlanishi Inspeksiyaning hududiy boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, urug‘liklarni tahlil qilib borish maqsadida Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazining malakali mutaxassislardan iborat laboratoriya xodimlari tomonidan muntazam ravishda namunalar olinib, tahlillar amalga oshirilib kelinmoqda.
O‘tkazilgan press-tur davomida, urug‘lik chigitlarni qayta ishlash, saralash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kimyoviy dorilash hamda sifatli saqlanishi bo‘yicha tadbir ishtirokchilariga batafsil axborot berib o‘tildi.
Bundan tashqari Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 16-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatlash va navdorligini baholash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi 712-sonli qarorining mazmun mohiyati urug‘lik tayyorlovchi korxonalar xodimlariga tushuntirib o‘tildi.
N.Ismailov – Agroinspeksiyaning Urug‘lik paxta xom-ashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i
I.Begjonov - Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va taʼminotini nazorat qilish shoʻbasi bosh inspektori