Ру Ўз O`z En

Respublikada eng katta maydonlarni egallagan gʼoʼza navlari

11 Avgust 2020 9128

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 martdagi “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-4633 sonli qaroriga binoan hududlarda gʼoʼza navlarini joylashtirish paxta toʼqimachilik ishlab chiqarishlari tashkilotchilari va klasterlari tomonidan mustaqil joylashtirilishi vakolati berilgan boʼlib, bu oʼz navbatida selektsioner olimlar tomonidan yaratilayotgan yangi gʼoʼza navlariga sogʼlom raqobat muhitini yaratib berdi.

Rivojlangan mamlakatlarda paxta xom ashyosi yetishtirishning 2016-2017 yillardagi tahlili shuni koʼrsatadiki, paxta yetishtirish boʼyicha birinchi beshlikka Hindiston, Xitoy, АQSh, Pokiston va Braziliya davlatlari kiradi.

АQShning “Qishloq xoʼjaligi marketing xizmati paxta va tamaki yetishtirish” dasturiga koʼra, yuqori sifatli “Deltapayn” brendi АQShda 2016-17 yillar mavsumida eng mashhur boʼlib katta maydonlarga ekilgan. Ikkinchi eng mashhur brend - Bayerning Fiber Maks, Douning Fito Gen va Bayerning Stonevil navlaridir. Transgenetik navlar 2016 yilda АQShda ekilgan paxta maydonining 98,7 foizini tashkil etgan.

Respublikamizda 2020 yil hosili uchun ekilgan oʼrta tolali gʼoʼza navlarining asosiy maydondagi ulushi yuqori boʼlib, 1 mln gektardan ortiq maydonni egallaydi.

Oʼrta tolali gʼoʼza navlarining asosiy maydondagi ulushi tahlil qilinganda, birinchi oʼrinda oʼzining tezpisharligi, hosildorligi va turli tuproq iqlim sharoitlariga moslashuvchanligi boʼyicha ijobiy natijalarni koʼrsatib kelayotgan Sulton gʼoʼza navining ekilayotganligini koʼrish mumkin. Ushbu nav Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridan tashqari barcha viloyatlarda 195,6 ming gektarni egallagan boʼlib, asosiy maydonga nisbatan ulushi 18,9 % ni tashkil qilmoqda.

Ikkinchi oʼrinni hosildorligi, bir chanoqdagi paxta vazni (7-8 gr) va tola chiqimi (37-38 %) yuqori boʼlgan Buxoro-102 navi egallagani holda 128,5 ming gektar maydonga ekilgan va asosiy maydonning 12,4 % ini tashkil qiladi.

Uchinchi oʼrinni hosildorligi, bir chanoqdagi paxta vazni (7-7,5 gr) va tola uzunligi (33-36 mm) yuqori boʼlgan Buxoro-6 navi egallagan boʼlib, 70 ming gektar maydonda ekilgan va asosiy maydonning 9,4 % ini tashkil qiladi.

 

Respublikada ekilayotgan gʼoʼza navlarining ekilgan hududlar va egallagan maydoni (jadval)

 

Respublikada ekilayotgan gʼoʼza navlarining ekilgan hududlar va egallagan maydoni (davomi)

 

Soʼnggi yillarda Oʼzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xoʼjalik ekinlari Davlat reestriga G.hirsutum L turiga mansub oʼrta tolali gʼoʼza navlari bilan birgalikda G.barbadense L turiga mansub ingichka tolali gʼoʼza navlari ham kiritilmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 yanvardagi 47-sonli qaroriga binoan ingichka tolali gʼoʼzaning “istiqbolli nav” sifatida ekib kelinayotgan navlarini ularning ishlab chiqarishdagi koʼrsatkichlaridan kelib chiqqan holda Oʼzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xoʼjaligi ekinlarining davlat reestriga kiritish belgilangan boʼlib, Qishloq xoʼjalik ekinlari navlarini sinash markazining 27.12.2019 yildagi 41-sonli qarori bilan Surxon-14, Surxon-16, Surxon-103 navlari Surxondaryo viloyati boʼyicha Davlat reestriga kiritildi.

Bu esa oʼz navbatida uzun tolali navlar orasida ham raqobatning kuchayishiga, pirovard natijada esa hosildorlik, tola sifati, zararkunandalarga bardoshlilik singari qimmatli xoʼjalik belgilarini oʼzida mujassamlantirgan gʼoʼza navlari yaratilishiga asos boʼladi.

 

“Oʼzagroinspektsiya” Urugʼlik paxta xomashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish boʼlimi

Text to speech