“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi paxta xom-ashyosi va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish sho‘basi tomonidan paxtani qayta ishlash korxonalari tomonidan paxta xom-ashyosini qabul qilinishi, qayta ishlanishi va sifatli saqlanishi hamda realizatsiya qilinishi, beshinchi xat boshisiga ko‘ra esa nobudgarchilik bo‘yicha belgilangan normalarining to‘g‘ri va asosli qo‘llanilishi, mahsulotning chiqish meʼyorlariga hamda sifatiga rioya etilishi yuzasidan monitoring tahlillari olib borilmoqda.
Jumladan, Narpay tumanida faoliyat olib borayotgan «Maroqand sifat” MCHJ tomonidan 2023-yil paxta hosilidan 35 965 tonna paxta xom-ashyosi qabul qilingan bo‘lib, shundan 5 259 tonnasi jamiyatga qarashli “Charxin” paxta qabul qilish manzilida va 30 706 tonnasi “Korxona qoshi” paxta manzilida tayyorlangan.
Tayyorlangan paxta xom-ashyosidan 15 ming tonna paxta xom-ashyosi qayta ishlanib, undan 5 266 tonna paxta tolasi, 8 125 tonna chigit, 601 tonna paxta momig‘i hamda 526 tonna yuluq va kalta momiq aralashgan chiqindilari olingan. Jamiyatga qarashli “Charxin” paxta qabul qilish manzilidagi 5 259 tonna paxta xom-ashyosi to‘liq dastlabki qayta ishlash uchun paxta tozalash korxonasiga tashib olindi.
Olingan paxta tolasi jamiyatning ip yigiruv korxonasida qayta ishlanayotgan bo‘lsa, paxta texnik chigiti esa jamiyatning o‘zida tashkil etilgan yog‘-moy korxonasida paxta moyi, paxta shroti va paxta sheluxasi qayta ishlanmoqda hamda realizatsiya qilinmoqda.
Monitoring tahlili bo‘yicha jamiyatda ishlab chiqarilayotgan paxta tolasi, paxta texnik chigiti va paxta momig‘i bo‘yicha ishlab chiqarish zanjiri jamiyatning ishlab chiqarish bo‘g‘inlarida: to‘qimachilik, yog‘-moy va boshqa korxonalarida xom-ashyo sifatida foydalanilishi to‘laligicha taʼminlanganligi maʼlum bo‘ldi.
Inspeksiya vakolati doirasida viloyatdagi paxta-to‘qimachilik klasterlarida doimiy monitoring tahlillari olib borilmoqda.
B.Raxmonov, “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi shoʻba boshlig‘i