Аksar rivojlangan davlatlar suv taqchilligini bartaraf etish yuzasidan keskin choralar koʼrayotgani barchaga yaxshi maʼlum. Shu maqsadda suv isteʼmoli meʼyorining qatʼiy tartibi joriy etilib, qishloq xoʼjaligi va oziq ovqat mahsulotlari yetishtirishda suv tejamkor uskunalar, innovatsion texnologiyalardan foydalanilmoqda.
Bu borada mamlakatimizda ham qator eʼtiborli loyihalar amalga oshirilib, qishloq xoʼjaligi mahsulotlari yetishtirishda rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasi keng qoʼllanilyapti.
Аytish lozimki, Respublikamizda suv tejamkor uskunalardan foydalanganlik uchun imkoniyatlar yaratilib, zamonaviy texnologiyalar joriy etgan qishloq xoʼjaligi korxonalariga koʼpgina va imtiyozlar berilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 25 oktyabrdagi “Qishloq xoʼjaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni ragʼbatlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-4499 - sonli qarori shular jumlasidandir.
“Oʼzagroinspektsiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʼlimlari tomonidan mazkur qaror ijrosini oʼz vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu kunga qadar Samarqand viloyatida 4 ming 40 gektar paxta, 10 ming 639 gektar bogʼ, 814 gektar tok, 941 gektar yongʼoq, 418 gektar sabzavot va poliz ekinlari jami 16 ming 848 gektar yer maydonida suv tejamkor innovatsion texnologiyalar joriy etilgan.
Tomchilatib sugʼorish usuli ekinning ehtiyojiga mos miqdordagi suvni bevosita uning ildiz qatlamiga yetkazib berishga moʼljallangan muxandislik usulidir. Bu usulda sugʼorishda ekinning ildiz qatlamida doimiy bir hil namlik sharoiti yaratiladi va ekinning stress holatga tushishi sabablari bartaraf etiladi. Ekinga oʼziga kerakli boʼlgan vaqtda suv va oziqa olish imkoniyati yaratiladi va natijada ekin oʼz energiyasini faqat hosilni koʼpaytirish uchun sarflaydi.
Tomchilatib sugʼorilganda suv butun dalaga emas, balki dalaning ekin yetishtirilayotgan qismi, yaʼni ekinning ildiz qatlamiga suv va oziq moddalar bilan birga eritilgan xolda yetkazib beriladi.
Bunday sharoitda suv ham, oziq moddalar ham behudaga isrof boʼlmay, ekinga toʼliq yetib boradi. Dalaning barcha qismidagi ekinlar bir hilda suv va ozuqa oladi va dalaning barcha qismlarida barcha ekinlar bir hilda rivojlanadi. Tomchilatib sugʼorilganda tabiiy sugʼorish usuliga nisbatan suv ekin turiga qarab 20% dan 50% gacha tejaladi.
Koʼchma egiluvchan quvurlar polietilendan yasalgan yumshoq quvur koʼrinishidagi shlanglar tizimi boʼlib, ulardan asosan, egatlab sugʼoriladigan ekinlarni sugʼorishda foydalaniladi. Odatda koʼchma egiluvchan quvurlarni egat olib ekiladigan bir yillik, xususan, gʼoʼza, gʼalla, piyoz, kungaboqur, lavlagi, makkajoʼxori kabi ekinlarni sugʼorishda qoʼllash yaxshi samara beradi.
Qishloq xoʼjaligi ekinlari koʼchma egiluvchan quvurlar yordamida sugʼorilganda, oʼqariq va shohariqlardan suvning tuproqqa shimilib isrof boʼlishining oldi olinib, suv barcha egatlarga bir hilda taraladi.
Inspektsiyaning Bulungʼur tuman boʼlimi tomonidan qishloq xoʼjaligi mahsulotlari yetishtirishda suv tejamkor uskunalardan foydalanish, zamonaviy texnologiyalarning avzalliklari yuzasidan huquqiy targʼibot tadbirlari amalga oshirilmoqda. Koʼrilayotgan choralar esa tez orada oʼzining ijobiy samarasini koʼrsatyapti.
Tumanda 6 ming 566 gektar maydonda bogʼ va tokzorlar mavjud boʼlib, shundan 1 ming 952 gektarida tomchilatib sugʼorish texnalogiyalari joriy etilgan. Shuningdek, 22 ta fermer xoʼjaliklari tomonidan qariyib 300 gektar ekin yer maydonlari koʼchma egiluvchan quvurlar yordamida sugʼorilmoqda.
Bu boradagi tadbirlarni yanada kengaytirish maqsadida bogʼdorchilikka ixtisoslashgan 170 gektar, 200 gektar tokzor va boshqa qishloq xoʼjaligi ekinlarini tomchilatib, 400 gektar maydonlarni koʼchma egiluvchan quvurlar orqali sugʼorish rejalashtirilmoqda.
Demak, tomchilatib, yomgʼirlatib hamda polietilen shlanglar orqali sugʼorish orqali nafaqat suv resurslari tejaladi balki, hosildorlik ortadi. Natijada aholini sifatli va arzon qishloq xoʼjaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash bilan bir qatorda chet davlatlarga eksport qilish imkoniyati yaratiladi.
Inspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati