Qish - dehqonlarimiz uchun yana bir sinov davri sanaladi. Аynan shu faslda qishloq xoʼjaligi ekinlaridan moʼl hosil yetishtirish uchun puxta zamin hozirlanadi.
2021 yil bahorgi dala ishlarini oʼz vaqtida va sifatli oʼtkazishni maqsad qilgan samarqandlik dehqonlar, ayni kunlarda mavsumda qatnashuvchi traktorlar va qishloq xoʼjaligi texnikalarini taʼmirlashmoqda.
"Oʼzagroinspektsiya" faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy-normativ hujjatlarga asosan, qishloq xoʼjaligi, yoʼl-qurilish texnikalari vositalari va butlovchi mexanizmlarni roʼyhatga olish, davlat raqam belgilari berilishi hamda ulardan unumli foydalanishni nazorat qilish Inspektsiya organlari zimmasiga yuklatilgan.
Shu maqsadda, Inspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʼlimlari tomonidan baxorgi dala ishlarida qatnashadigan 17 mingdan ortiq traktor va qishloq xoʼjaligi texnika vositalarini taʼmirga tortish va taʼmirlash yuzasidan doimiy nazorat tadbirlari oʼtkazilmoqda.
Inspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʼlimlari tomonidan oʼtkazilgan tadbirlar natijasida 1 ming 612 dona chopiq traktorlari, 1 ming 612 dona kulьtivatorlar, 962 dona chigit ekish selkalari, 277 dona gʼalla oʼrish kombaynlari, 412 dona purkagichlar, 399 dona mineral oʼgʼit sepgichlar, 194 dona yer tekislagichlar, 413 dona chizellar va 11 ming 15 dona tishli boronalar tegishli dislokatsiyalar asosida, belgilangan hududlarga yigʼilgan boʼlib, taʼmirlash ishlari qizgʼin olib borilmoqda.
Qishloq xoʼjaligi texnikalarini taʼmirlash ishlari viloyatning Narpay, Ishtixon, Kattaqoʼrgʼon, Pastdargʼom va Payariq tumanlarida yuqori suratda amalga oshirilmoqda.
-Samarqand viloyatida 2021 yil bahorgi dala ishlarida qatnashadigan texniklarni taʼmirlash uchun 10 mlrd 991 mln soʼm mablagʼ talab etiladi. Inspektsiya organlari tomonidan bahorgi dala ishlarida qatnashuvchi traktorlar va qishloq xoʼjaligi texnikalarini taʼmirlash ishlarining oʼz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan doimiy monitoring-tahlil tadbirlari oʼtkazilmoqda. Bunda taʼmirlashning sifatli bajarilishi, mexanizator va boshqa xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, qishloq xoʼjaligi texnikalarining ehtiyot qismlar bilan oʼz vaqtida taʼminlanishi singari vazifalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda, - deydi Inspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi texnika holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish boʼlimi bosh inspektori Shahriddin Butunov.
Bularning barchasidan koʼzlangan maqsad, joriy yilda Samarqand viloyatida bahorgi dala ishlarini oʼz vaqtida va sifatli bajarish evaziga barcha turdagi qishloq xoʼjaligi mahsulotlaridan hosildorlikni gektar boshiga 10-15 sentnerga koʼtarishdan iboratdir.
Inspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi Аxborot xizmati