Ру Ўз O`z En

Samarqandlik olimlar bug‘doyning yangi serhosil navini yaratishdi

27 Aprel 2022 2073

Tajribali dehqonlar taʼbiri bilan aytganda sara urug‘ - mo‘l hosil garovi. Buni dildan his etgan Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali professori G‘ulom G‘aybullayev rahbarligidagi Samarqandlik olimlar bug‘doyning yangi, serhosil navini yaratish ustida tinimsiz ilmiy izlanishlar olib borishmoqda.

O‘tkazilgan tajribalar, seleksiya ishlari natijasi o‘laroq bug‘doyning iqlim sharoitiga mos, serhosil va ertapishar “O‘zbekiston-30” va “Samarqand” navlari yaratildi. Ayni kunlarda mazkur navlar Respublika davlat nav sinash markazida sinovdan o‘tkazilmoqda.

  - O‘zbekiston boshoqli don ekinlari hosildorligi bo‘yicha dunyoda “Top 10” likka kirgan davlatlardan biri sanaladi. Seleksiya ishlari Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali, “O‘zagroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi hamda “Farboma Selekt” ilmiy urug‘chilik fermer xo‘jaligi tomonidan integratsiyalashgan tarzda olib borilmoqda. Viloyatning Jomboy tumanida joylashgan ushbu urug‘chilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligiga qarashli 80 gektar tajriba maydonida hozirga qadar bug‘doyning “Jasmina”, “Farboma”, “Amira”, “Zarafshon” va arpaning “Bek” navlari yaratildi.  Eʼtiborli jihati shundaki, Samarqandlik olimlar tomonidan “Kroshka” va “Sangzor-8” navlarini chatishtirish asosida yaratilgan bug‘doyning “Jasmina” navi serhosil, iqlim sharoitiga mosligi bilan amaliyotda to‘liq o‘zini oqladi. Bugungi kunda ushbu nav viloyatning 13 ming gektardan ortiq yer maydonida va qo‘shni Jizzax, Navoiy, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari dalalarida ekilmoqda. Hosildorligi ham yomon emas, o‘rtacha 60-70 sentnerdan oshirib hosil yig‘ishtirib olinmoqda, - deydi Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor G‘ulom G‘aybullayev.

-2022 yil hosili uchun viloyatdagi 472 ta urug‘chilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligining 10 ming 414 gektar yer maydoniga bug‘doyning “Jasmina”, “Yaksart”, “Davr”, “Farboma” singari iqlim sharoitiga mos, serhosil navlari ekib parvarishlanmoqda. Joriy yil g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumi davomida 31 ming 462 tonna urug‘lik don yetishtirish rejalashtirilgan.

Urug‘lik g‘alla ekilgan maydonlarda dala madaniyatiga qatʼiy rioya etilishi, begona o‘tlar va boshqa navlardan holi bo‘lishi lozim. Zang kasalligi mavjud dalalardan urug‘lik g‘alla olinmaydi.

Urug‘lik g‘allani o‘rish uchun alohida g‘alla o‘rish kombaynlari ajratilgan bo‘lib, ularning barchasiga tegishli shartli belgilari o‘rnatildi. Shuningdek, urug‘lik g‘alla alohida urug‘lik sexlarida, navlar kesimida saqlanadi,-deydi “O‘zagroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori Xushnud Nurbekov.

Sara urug‘likdan mo‘l va eng asosiyi import o‘rnini bosuvchi sifatli hosil olinadi. Bu esa, xalqimiz farovonligi, to‘kin-sochinlik omilidir.

Abduvali Xudoyorov “O‘zagroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati

Text to speech