Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi ilmiy tadqiqot institutlari bilan institutning ilmiy salohiyatini oshirish va uning moddiy texnik bazasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikda faoliyat olib borish maqsadida “O‘zagroinspeksiya” bilan Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida kelishuv Memorandumi imzolandi.
Unga ko‘ra, Agroinspeksiya endilikda urug‘chilik sohasini rivojlantirish, ilmiy tadqiqot instituti va uning tajriba stansiyalarida urug‘lik maqsadlari uchun ekilgan kartoshka, sabzavot-poliz va kartoshka ekinlari maydonlarida ilmiy asoslangan va yangi texnologiyalardan foydalangan holda agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, urug‘lik maydonlarda dala aprobatsiya ko‘riklarini o‘tkazish, urug‘liklarni maxsus texnikalar yordamida yig‘ishtirib olish, saralash (kolibirovkalash) hamda ularni institut brendini yaratish va ushbu sara urug‘liklarni muvofiqlik sertifikati asosida realizatsiya qilish tizimini joriy qilishni yo‘lga qo‘yilishida amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik qiladi.
Hamkorlik shartlariga ko‘ra, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining markaziy apparati Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirishni nazorat qilish boshqarmasi va uning Toshkent viloyati boshqarmasi mutaxassislari bilan birgalikda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti va uning tajriba stansiyalarida mahalliy va “In-vitro” laboratoriyasi sharoitida yaratilgan va tayyorlangan yangi mahalliy navlarni, xorij navlar bilan raqobatbardosh bo‘la oladigan va respublika hududlarining tuproq-iqlim sharoitiga mos bo‘lgan sara urug‘liklarni yetkazib berilishi bo‘yicha hamkorlik qilish nazarda tutilgan.
X.Maxmudov, Inspeksiyaning Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirishni nazorat qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi