Ру Ўз O`z En

Sugʼorish inshootlari mavsumga hozirlanmoqda

6 Yanvar 2021 2318

Suv inshootlarini tozalash, taʼmirlash qishloq xoʼjaligi ekinlaridan yuqori hosil yetishtirishning eng muhim omillaridan biri. Buni toʼgʼri anglagan dehqonlar kuz-qishki mavsumda bahorgi dala ishlari uchun puxta hozirlik koʼrishmoqda.

Аyni kunlarda viloyat dalalarida qishloq xoʼjaligi ekinlarini obi-hayot bilan taʼminlovchi suv inshootlarini tozalash, kanal va dambalarni taʼmirlash ishlari qizgʼin olib borilmoqda. Bunda zamonaviy ekskavator va tozalash mexanizmlaridan unumli foydalanilyapti.

Qishloq xoʼjaligi mahsulotlari yetishtirishga moʼljallangan yer maydonlarini suv bilan taʼminlash yuzasidan olib borilayotgan tadbirlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasining Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda.

Oʼtkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida, joylarda sugʼorish tarmoqlarining tozalanishi, kanal va dambalarni taʼmirlash yuzasidan bajarilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilinib, kelgusida bajariladigan vazifalar belgilanib, yoʼl qoʼyilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʼrilmoqda.

Samarqand viloyati boʼyicha kuzgi-qishki mavsum davomida 188 km. xoʼjaliklararo sugʼorish tarmoqlari tozalanishi rejalashtirilgan boʼlib, hozirga qadar 92 km dan ortiq sugʼorish tarmoqlari tozalandi. Mazkur tadbirlarda 13 ta zamonaviy ekskavatorlardan unumli foydalanishga erishildi. Xususan, Kattaqoʼrgʼon tumanida 27,0 km, Pastdargʼom tumanida 8,8 km, Narpayda 8,3 km va Payariq tumanida 8,5 km xoʼjaliklaro sugʼorish tarmoqlari mavsumga hozirlandi.

Kuz-qish mavsumi davomida viloyatdagi “Dargʼom”,”Miankal-Toss”,”Narpay”,”Oq-Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari boshqarmasi hamda Payariq, Paxtachi va Samarqand tuman irrigatsiya boʼlimlariga qarashli 535 km. kanal va dambalarni taʼmirlash ishlarini bajarish moʼljallangan.

Joriy mavsum davomida 549 dona xoʼjaliklararo sugʼorish tarmoqlaridagi gidrotexnik inshootlar va 561 dona gidrpostlarini taʼmirlash rejalashtirilgan. Joriy yilning oʼtgan davri davomida, 582 nafar ishchilarning zahmatli mehnati evaziga 291 dona gidrotexnik inshootlar hamda 309 dona gidropostlar taʼmirlandi.

Viloyatda xoʼjalik ichki sugʼorish tarmoqlarini mexanizm va qoʼl kuchi yordamida tozalash ishlari ham jadallik bilan olib borilmoqda. Bu jarayonda 12 mexanizm va 1 ming 696 nafar ishchilarning qoʼl kuchi yordamida 11396 km ichki sugʼorish tarmoqlarini tozalash rejalashtirilib, bu boradagi ishlar boshlab yuborilgan. Hozirga qadar, 696 nafar ishchilar tomonidan 466 dona ichki sugʼorish tarmoqlari gidrotexnik inshootlari va 348 dona gidropostlar taʼmirlandi.

Shuningdek, kuzgi-qishki mavsum davomida fermerlarning 1940 dona suv olish quloqlarini jihozlash rejalashtirilgan boʼlib, olib borilgan nazorat tadbirlari davomida shundan 869 dona suv olish quloqlari jihozlangan, bu ishlarda 1 ming 738 nafar ishchilar ishtirok etishmoqda.

Sugʼorish inshootlarini taʼmirlash va tozalash ishlarini oʼz vaqtida va sifatli yakunlash yuzasidan barcha ichki imkoniyatlardan unumli foydalanildi.

Аvaz Ochilov, Sherzod Аbsodiqov, Inspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi Qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan suv resurslari va yeralardan foydalanishni nazorat qilish boʼlimi inspektorlari

Text to speech