O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 19 apreldagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 196-sonli qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan bir oy muddatda tuman irrigatsiya bo‘limlari tarkibida suv isteʼmolchilarga suv yetkazib berish, xo‘jaliklararo sug‘orish tarmoqlaridan foydalanish, ularni taʼmirlash tiklash va boshqa suv xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish ishlarini tashkil qilish bo‘yicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan suv xo‘jaligining maxsus xizmati tashkil etilishi belgilandi.
Suv xo‘jaligining maxsus xizmatini tashkil etishda quyidagilar belgilandi:
· suv isteʼmolchilariga suv yetkazib berish va ko‘rsatilgan suv xo‘jaligi xizmatlaridan tushgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi;
· suv isteʼmolchilariga ajratilgan suv olish limiti doirasida suv yetkazib beradi, belgilangan tartibda uning hisobi va hisobotini yuritadi;
· xo‘jaliklararo va fermerlar aro ichki sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari, ulardagi bosh va ichki suv olish hamda boshqa inshootlardan doimiy va maqsadli foydalanishni hamda taʼmirlash-tiklash ishlarini amalga oshiradi;
· suv isteʼmolchilarining bosh suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlanishi hamda suvning hisobi va hisoboti yuritilishini raqamlashtirilishini tashkil qiladi;
· suv isteʼmolchilarining buyurtmanomasi bo‘yicha boshqa suv xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatilishi belgilab qo‘yildi.
Hujjat bilan quyidagi tartiblar belgilandi:
· suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan suv isteʼmolchilarga suv yetkazib berish bo‘yicha xizmatlarni shartnomaga asosan ko‘rsatish tartibi;
· suv isteʼmolchilariga suv yetkazib berish bo‘yicha xizmatlar hamda boshqa xizmatlar uchun to‘lovlar to‘lash tartibi;
· suv yetkazib berish va boshqa suv xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lardan foydalanish tartibi belgilandi.
Shuningdek, Suv xo‘jaligi vazirligiga O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, “O‘zsuvloyiha” AJ hamda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda ikki oy muddatda fermer xo‘jaliklari va boshqa suv isteʼmolchilarining bosh suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash bo‘yicha namunaviy ichki chizmalarini ishlab chiqish va joylarga yetkazish vazifasi yuklatildi.
2023 yil 1 aprelga qadar suv xo‘jaligi hisobidagi 1641 km uzunlikdagi 194 ta kanallar, 3402 km uzunlikdagi 1007 ta kollektorlar, 104 ta nasos stansiyalari hamda 229 ta sug‘orish quduqlarini davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida 78 ta klaster tashkiloti boshqaruviga, shuningdek, 6204 km uzunlikdagi 753 ta kanallar, 4328 km uzunlikdagi 845 ta kollektorlar, 315 ta nasos stansiyalari hamda 331 ta sug‘orish quduqlarini davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida xususiy sektor boshqaruviga berishni tashkil etish belgilandi.
Agroinspeksiyaning Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi