Ру Ўз O`z En

Suvni isrof qilish jarimaga asos bo‘ladi

7 Avgust 2021 3630

Mutaxassislarning qayd etishicha, 2000 yilgacha yurtimizda kam suvli mavsum har 6-8 yilda bir marta kuzatilgan bo‘lsa, oxirgi yillarda bu jarayon har 3-4 yilda takrorlanmoqda. Bunda suv taqchilligini, ayniqsa, daryolarning quyi qismida hamda kanal va boshqa suv manbalaridan uzoqda joylashgan isteʼmolchilari chuqur his etmoqdalar. Shu bois ham yurtimizda qishloq xo‘jaligida suvdan samarali foydalanish maqsadida qator qarorlar qabul qilinib, ijrosi qatʼiy nazoratga olingan.

 

O‘zagroinspeksiya”ning Namangan viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 19.03.2019 yildagi 82-sonli qarori va sohaga oid boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi bo‘yicha nazorat o‘rnatilgan.

Joriy yilning yanvar-iyul oylari davomida viloyatda 640 ta nazorat tadbirlarida 679 ta holatda suvga oid qonunbuzilish, shundan  225 ta holatda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalarini buzish, 281 ta holatda suv obyektlarini holatiga taʼsir etuvchi gidrotexnika ishlarini va boshqa ishlarni o‘zboshimchalik bilan bajarish, 49 ta holatda suv obyektlaridan belgilangan suv olish limitlarini buzish, 10 ta holatda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli rejalarini buzish, 11 ta holatda suv obyektlaridan olinadigan va ularga quyiladigan suv miqdorining dastlabki hisobini yuritish qoidalarini buzish, 103 ta holatda boshqa turdagi hamda 278 ta holatda suv olish tartibini buzish holatlari aniqlandi.

 Aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha Inspeksiyaning Namangan viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan 552 ta holatda 144,7 mln. so‘mlik maʼmuriy, 278 ta holatda 21,4 mln. so‘mlik moliyaviy jarima sanksiyalar qo‘llanildi va 37 ta holatda to‘plangan hujjatlar sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan hamda tegishli tashkilotlarga 25 ta taqdimnoma va 65 ta majburiy ko‘rsatmalar kiritilishi taʼminlandi.

Masalan, Chortoq tumani A.Navoiy MFYda yashovchi fuqaro J.Bekmirzayev, Bog‘iston  MFY yashovchi fuqaro J.Toshbayev hamda Qorabog‘ MFYda yashovchi fuqaro R.Qosimovlar tomonidan Suv isteʼmolchilar uyushmasi (SIU) hisobidagi ichki sug‘orish arig‘idan bog‘ qator orasidagi ekinlarni sug‘orish uchun ruxsatsiz o‘zboshimchalik bilan suv olib, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalarini buzganligi, Pop tumanidagi suv isteʼmolchilari - Ozod MFYda yashovchi fuqaro t.Muminov va Nayman MFYda yashovchi fuqoro U.Kodirovlar o‘zlariga ajratilgan xususiy yer maydonlarini sug‘orishda belgilangan limitdan ortiqcha suv olib, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli belgilangan limitlari va rejalarini buzganligi aniqlanib, huquqbuzarlarga O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 74-moddasi 2-qismi bilan maʼmuriy jarima qo‘llanildi hamda suv olish tartibini buzganligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 19.03.2013 yildagi  82-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi to‘g‘risida”gi Nizomiga asosan jarima sanksiyalari hisoblandi.

Shuningdek, o‘tkazilgan tekshirishlarda Kosonsoy tumanidagi “Muxtor Fayz Mirzo”, “Kushon tashabbuskori”, “Kosonsoy jaxon”, Mingbuloq tumanidagi “Zarbuloq”, “Busalxa Otaboyeva”, “Baxtiyor To‘ychiboyev”, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Fozilbek Abdulxodiyev”, “Oltin vodiy iftixori”, Norin tumanidagi “Norinlik Asqarov Ahmadali”, “Moʻjizaviy orol barakasi”, “Shinam orol jilosi”, Namangan tumanidagi “Paxtaobod ko‘klam saxovati”, Uchqo‘rg‘onda “Uch xazina”, Uychida “Muhammadali Isroiljon” nomli fermer xo‘jaliklari sug‘orilayotgan maydonlarda ko‘llatib sug‘orishga yo‘l qo‘yilganligi hamda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalarini buzganligi aniqlanib, to‘plangan hujjatlar tuman sudlariga yuborildi.

Bugungi kunda, O‘zagroinspeksiya”ning Namangan viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanish ustidan doimiy nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

 

Qayumxon Qirg‘izov

“O‘zagroinspeksiya”ning Namangan viloyat boshqarmasi katta inspektori  

Text to speech