"Oʼzagroinspektsiya" faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy-normativ hujjatlarga asosan, inspektsiya organlari tomonidan Oʼzbekiston Respublikasining Yer kodeksi ijrosi boʼyicha doimiy ravishda monitoring-tahlil tadbirlari oʼtkazilmoqda.
Oʼtkazilayotgan monitoring-tahlillar davomida qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan yer resurslaridan oqilona foydalanish, unda aholi va ichki isteʼmol bozori uchun moʼl va sifatli mahsulot yetishtirilishi masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bir soʼz bilan aytganda, mamlakatimiz qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan yer resurslaridan foydalanishda qonunchilik ijrosi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasining hududiy boshqarma va boʼlimlari tomonidan nazorat qilinmoqda.
Inspektsiyaning Jomboy tuman boʼlimi tomonidan 2020 yilda qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan yer resurslaridan foydalanishda qonunchilik ijrosi yuzasidan 75 marotaba nazorat tadbirlari oʼtkazildi. Shuning 17 tasi xabar qilish tartibida, 58 tasi monitoring tartibida oʼtkazilgan boʼlib, 42 ta holatda yer resurslaridan foydalanishda qonunbuzilishlar sodir etilgani aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan 19 ta holatda tumanda foliyat yuritib kelayotgan fermer xoʼjaliklari tomonidan yerlardan xoʼjasizlarcha foydalanilayotganligi aniqlandi va maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi qarorlar qabul qilinib, ularga nisbatan Jomboy tumanlararo maʼmuriy sudining hal qiluv qaroriga asosan, qonuniy taʼsir chorasi koʼrildi.
Shuningdek, 7 ta holatda yerlarni oʼzboshimchalik bilan egallab olgan fuqarolar ustidan maʼmuriy qaror chiqarilib, toʼplangan hujjatlar tumanlararo maʼmuriy sudga yuborildi, 16 ta holatda faoliyat yuritib kelayotgan fermer xoʼjaliklari yer maydonini oʼzboshimchalik bilan egallab olgan fuqarolarga nisbatan, qurilish osti maydonlarga 42 mln. 628 ming soʼm zarar hisoblanib, tumanlararo fuqarolik sudiga daʼvo arizasi kiritildi.
Yana bir gap. Oʼtkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida aniqlangan qonunbuzilish holatlari tahlili shuni koʼrsatmoqdaki, ayrim hollarda qishloq xoʼjaligi uchun moʼljallangan yer resurslarini oʼzboshimchalik bilan egallab olayotgan fuqarolar, bunday holat qonunbuzilishi ekanligi, yana ham soddaroq tilda aytganda, inspektsiya organlari tomonidan koʼrilayotgan taʼsir chorasining taʼsirchanligini toʼgʼri anglab yetishmayapti.
Yuqoridagi singari salbiy holatlarning oldini olish uchun yer resurslaridan oqilona foydalanish evaziga aholi dasturxoniga arzon va sifatli qishloq xoʼjaligi va oziq ovqat mahsulotlari yetkazib berish maqsadida, qonunchilik ijrosi ustidan qatʼiy nazorat oʼrnatiladi.
Nazir Xidirov, “Oʼzagroinspektsiya”ning
Jomboy tuman boʼlimi katta inspektori