Ру Ўз O`z En

Qishloq xo‘jaligi yerlariga yetkazilgan zararlar yuzasidan qonunbuzarliklar aniqlanmoqda

15 Iyul 2024 1357

"O‘zagroinspeksiya"ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish sho‘basi tomonidan qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi natijasida foydalanishdan chiqishiga sabab bo‘lgan holatlar ustidan doimiy tarzda nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

Tadbirlar davomida joriy yilda bir necha bor yer qonunbuzarlik holatlari aniqlandi.

Jumladan, Guliston tumani “A.Temur” massivi qishloq xo‘jaligi xaritasining 11q-konturidagi 61 ball bonitetli sug‘ariladigan ekin yer maydonlarida 3 nafar fuqarolar tomonidan jami 0,046 gektar yer uchastkasida o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilishlar aniqlandi. Yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan mazkur holatda yetkazilgan zarar miqdori 24 100 033 (yigirma to‘rt million bir yuz ming o‘ttiz uch) so‘mni tashkil qildi.

Xuddi shunday holat Boyovut tumani N.Mahmudov massivi hududida faoliyat yuritayotgan yana bir fuqaro “Sherbo‘ta bobo” fermer xo‘jaligiga qarashli 74 qism (4049)-konturdagi bonitet balli 49 bo‘lgan 0,02 gektar (200 m2) sug‘oriladigan yer maydonida o‘zboshimchalik bilan chorva mollari uchun molxona binosi qurib, ushbu yer maydonini qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan.

U.Yusupov massivi hududidan fuqaro T. B. tomonidan ham 135 qism-konturdagi bonitet balli 50 bo‘lgan 0,013 gektar sug‘oriladigan yer maydonida o‘zboshimchalik bilan chorva mollari uchun molxona binosi qurib olganligi natijasida ushbu yer maydonini qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan. Mazkur holatda yetkazilgan zarar summasi 16 943 305 (o‘n olti million to‘qqiz yuz qirq uch ming uch yuz besh) so‘mni tashkil qildi.

Guliston tumani Boyovut hududida faoliyat ko‘rsatayotgan “Sirdaryo siri” fermer xo‘jaligi yer maydoni o‘rganilganda fermer xo‘jaligi ijarasida bo‘lgan 260q (yangi xaritada 5095q)-konturdagi ball boniteti 42 ball bo‘lgan 1,2 gektar yer maydonida 35-45 sm yerning ustki unumdor qatlamini olib chiqib ketilganligi maʼlum bo‘ldi. Bu holatda yer maydoni qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishi natijasida yetkazilgan zarar summasi 523 891 166 (besh yuz yigirma uch million sakkiz yuz to‘qson bir ming bir yuz oltmish olti so‘m) so‘mni tashkil qildi.

Yuqorida aniqlangan yer qonunbuzarlikning oldini olish hamda yetkazilgan zarar miqdorini undirish yuzasidan belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga daʼvo arizalari kiritilmoqda.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yer turlarini, ayniqsa sug‘oriladigan yer maydonlarini saqlash, noqonuniy egallab olmaslik va o‘zboshimchalik bilan qurilishlar boshlamaslik yuzasidan mahallalarda keng targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

K. Qodirov , "O‘zagroinspeksiya"ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish sho‘basi bosh mutaxassisi

Text to speech