Nohalol tadbirkorlik subyektlari tomonidan ichki bozorda yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning narxlarini sunʼiy oshirish, tanqislik va ajiotaj talabni vujudga keltirishga yo‘l qo‘ymaslik, taqsimlash tizimi elementlarini tugatish hamda birja savdosini yana-da faollashtirish maqsadida joriy yilning 17 martida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5031-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga muvofiq, 2021 yil 15 iyundan boshlab birjaning tovar bozorlarida talab va taklifning mutanosibligini taʼminlash maqsadida joriy yil oxiriga qadar monopolist bo‘lmagan, davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan yoki davlat ulushi umuman mavjud bo‘lmagan korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan paxtadan olingan chigit, paxta moyi (jumladan, ekstraksiya paxta moyi) va qayta ishlangan chigit chiqindilari (shrot, sheluxa) — ishlab chiqarish hajmining 100 foizi ichki bozorda faqat ochiq birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotilishi belgilandi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 noyabrdagi PQ-3386-son qaroriga ilova “Monopolist korxonalar hamda ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar yoki ustav fondining (kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotiladigan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar, xom ashyo va materiallarning ro‘yxati”ga paxta ekstraksiya moyi kiritildi.
Ushbu ro‘yxatdagi 29-33-bandlarida ko‘rsatilgan tovarlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 yanvardagi PQ-3479-sonli “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 2-bandini hisobga olgan holda tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan o‘simlik yog‘i (paxta), ekstraksiya moyi (paxta), paxta shroti, sheluxasi va texnik chigiti ichki bozorda bozor tamoyillari asosida faqat birja savdo orqali sotilishi ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari, 2022 yil 1 yanvardan boshlab, paxta-to‘qimachilik klasterlari va kooperatsiyalar tomonidan paxtadan olingan chigitni tayyor mahsulotni qaytarish sharti asosida yog‘-moy tashkilotlariga berish faqat bir paxta-to‘qimachilik klasteri doirasidagi tashkilotlar o‘rtasida amalga oshirish tartibi o‘rnatilishi belgilandi.
"O‘zagroinspeksiya" Paxta xom-ashyosi va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi