Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining 2023 yil yakunlari va 2024 yilda belgilangan ustuvor vazifalari yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Agroinspeksiya faoliyati va sohaviy yo‘nalishlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha dastavval, Inspeksiya boshlig‘i Abrol Vaxabov so‘z olib, kelgusi yilda bajarilishi rejalashtirilgan 5 ustuvor yo‘nalish doirasidagi masalalarga bag‘ishlangan Inspeksiya taqdimoti bilan tanishtirib o‘tdi.Bugungi kunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agroinspeksiyaning asosiy vazifalaridan biri sohadagi qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘lib, u 6 ta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va uni sertifikatlashtirilishi, Agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishi, Paxta xom-ashyosi, don va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanilishi, Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanilishi shuningdek, Texnika holatini nazorat qilish yo‘nalishlari shular jumlasidandir.Muloqot davomida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Agroinspeksiyani vazirlik bilan integratsiya qilish, sohaviy yo‘nalishlarni to‘liq raqamlashtirish va byudjetdan ajratilayotgan xarajatlarni kamaytirish maqsadida sohaga ilm bilan yondashish va bu borada aniq maqsadlarni o‘zida aks ettirgan dastur yoki yo‘l xarita ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi.
Shu bilan birga, Jahon banki mablag‘lari hisobidan qishloq xo‘jaligi nazoratini kuchaytiruvchi texnologiyalarini jalb qilgan holda samaradorlikka erishish, shuningdek, global muammoga aylanib borayotgan ob-havoning yildan-yilga o‘zgarib borishi, havoda karbonat angidridning haddan ziyod ko‘payib ketishi oqibatida o‘simliklarning o‘sishiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi, eng maqbul yechim esa yerni kerakli o‘g‘itlar bilan oziqlantirib shudgorlash masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Yig‘ilish so‘ngida fikrlar tinglandi. Inspeksiyaning sohadagi rolini oshirish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar berildi. Bunda eng asosiysi sohaning nazorat funksiyasidan kelib chiqib kelgusida qilinadigan ishlar ko‘lami belgilab olindi.
"O‘zagroinspeksiya" Axbrot xizmati