Bugun- 30-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi davlat siyosati va uning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida, O‘zbekiston “Adolat” Sotsial Demokratik partiyasidan rais o‘rinbosari A. Raxmonov, Mafkuraviy ishlar boshqarmasi boshlig‘i F.Ziyayev va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimi R.Yo‘ldoshev ishtirok etdilar.
Tadbirni Inspeksiya boshlig‘i A.Vaxabov ochib berib, - bugungi kunda korrupsiya butun dunyo kurashayotgan va hal etilishi lozim bo‘lgan muammolardan biri ekanligi va va ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy to‘siqligi haqida so‘z yuritdi.
Darhaqiqat tadbirda rahbar taʼkidlanganidek, korrupsiya sohalar yuksalishiga bevosita tahdid tug‘diribgina qolmay, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga ham olib keladi.
Shu bois jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan ushbu muammoning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashish bo‘yicha mamlakatimizda, shu barobarida Inspeksiyada ham bir qator ishlar amalga oshirilayotganligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.
Jumladan, joriy yilning 27-noyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-200-sonli Farmonning qabul qilinganligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi ishlab chiqilganligi ham ushbu masalaning o‘ta dolzarb ekanligidan dalolatdir.
Qabul qilinayotgan bu kabi qonun va qonunosti hujjatlar har bir davlat xizmatchisining halol va shaffof, korrupsiyaviy muhitdan holi tarzda faoliyat yuritishini taqozo etishi va shunday ekan, har birimiz o‘z burch va majburiyatlarimizni anglagan holda, korrupsiyaviy holatlarning oldini olishda faol fuqarolik pozitsiyamizni ko‘rsatishimiz lozimligi uqtirildi.
Shundan so‘ng, tadbir ekspertlari - "Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori ijrosiga bag‘ishlangan Yangi O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati, aholining keng qatlami, ayniqsa yoshlarning huquqiy va siyosiy madaniyatini mustahkamlash, faol fuqaroviy pozitsiyasini oshirish to‘g‘risida davra suhbatlarini olib bordilar.
Yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan to‘liq javob oldilar.
“O‘zagroinspeksiya” Axborot xizmati