Bobodehqonlarimiz tomonidan “Yer haydasang kuz hayda, kuz haydamasang yuz hayda” deb bejiz aytishmagan.
Qishloq xo‘jaligida mo‘l hosil yetishtirishda kuzgi shudgorlashning ahamiyati katta. O‘z vaqtida, sifatli o‘tkazilgan shudgor kelgusi yil hosiliga puxta zamin yaratadi.
Respublika hududlarida 2025 yil hosili uchun 1 mln. 240 ming gektar maydonda kuzgi shudgorlash ishlari amalga oshirilishi belgilandi.
Ushbu tadbirga joriy yilda joylarda 5814 dona haydov traktorlari jalb qilingan.
Inspeksiyaning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari tomonidan hududlarda shudgorlash ishlarini sifatli amalga oshirilishi bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatildi.
Bunda avvalam bor, shudgorlash sifatiga, shuningdek, belgilangan chuqurlikda, dala boshi va oxiri haydalganligiga va har bir konturning to‘rtburchak, yaʼni “konvert” qilib, simyog‘och va daraxtlar atrofini to‘liq shudgorlanishiga eʼtibor qaratildi.
Xususan, bugungi kunda hududlarda 9 010 ta nazorat tadbirlari o‘tkazib, nazorat tadbirlari davomida 8 ming 713 ta fermer xo‘jaliklarining 73,5 ming gektar yer maydonlarida shudgorlash ishlarida kamchiliklar aniqlandi.
Jumladan, joylardagi 2206 ta fermer xo‘jaliklarining 10,6 ming gektar maydonida to‘liq kontur hosil qilmasdan shudgor qilinganligi, 849 ta fermer xo‘jaliklarining 4,9 ming gektar maydonida sifatsiz shudgor qilinganligi, 649 ta fermer xo‘jaliklarining 3,5 ming gektari sayoz shudgor qilinganligi, 3886 ta fermer xo‘jaliklarining 44 ming gektar maydonida fosforli mineral o‘g‘itlarsiz shudgor qilinganligi, 1176 ta fermer xo‘jaliklarining 10 ming gektar maydonida chimqirqarsiz omochlar bilan shudgor qilinganligi aniqlandi.
Yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan, soha masʼullariga 197 ta taqdimnoma, shuningdek fermer xo‘jaliklariga 8267 ta ogohlantirishlar hamda 546 ta yozma ko‘rsatmalar berildi.
Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish bo‘limi