Respublikada 2024 yil hosili uchun 1 mln. 12 ming 436 gektar yer maydonida g‘o‘za parvarish qilinmoqda.
Shuningdek, bugungi kunda g‘o‘za maydonlarining 238 ming gektari yoki 23 foizi 3-4 ko‘sak, 382 ming gektari yoki 38 foizi 5-6 ko‘sak, 391 ming gektari yoki 39 foizi 7-8 ko‘sak fazasida rivojlanmoqda.
Hududlarda bugungacha g‘o‘za qator oralariga 6,9 marta ishlov berilib, g‘o‘zani bargidan oziqlantirish ishlari 5,4 marta va azotli mineral o‘g‘itlar bilan 3-oziqlantirish ishlari 98 foiz maydonlarda amalga oshirildi.
Shuningdek, joylarda 962 ming gektar yoki 95 foiz g‘o‘za maydonlarida chilpish (chekanka) ishlari amalga oshirildi.
Ushbu tadbir, Andijon, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida ushbu tadbir deyarli yakunlangan bo‘lsa, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Sirdaryo viloyatlarida 90-95 foiz g‘o‘za maydonlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, Inspeksiya tomonidan g‘o‘za maydonlarida chilpish ishlarini muddatida va sifatli o‘tkazilishi bo‘yicha joylarda monitoring tadbirlari olib bormoqda.
O‘tkazilgan monitoring tadbirlari davomida 897 ta fermer xo‘jaliklarining 4 ming 886 gektarida chilpish ishlari kech yoki sifatsiz amalga oshirilganligi maʼlum bo‘ldi.
Bundan tashqari, Inspeksiya tomonidan mavsum davomida g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi bo‘yicha monitoring tadbirlari o‘tkazilganda 141 ming gektar maydonlarda agrotexnik tadbirlarni bajarilishida xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mahalliy hokimliklar va soha masʼullariga 326 ta taqdimnoma hamda fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari rahbarlariga 16 293 ta ogohlantirishlar berildi.
F.Mamasoliyev, Inspeksiyaning Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i