Inspeksiyaning “Texnikalar hisobi” va “Traktorchi-mashinist” avtomatlashtirilgan axborot tizimlari Yagona interaktiv davlat xizmati portali (my.gov.uz)ga integratsiya qilindi.
Natijada, jismoniy va yuridik shaxslarga qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobdan chiqarish va texnikalar to‘g‘risidagi maʼlumotnoma olish, shuningdek, traktorchi-mashinist guvohnomasi olish uchun Davlat xizmatlari markazlari va YAIDXP orqali elektron ariza berish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Texnikalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda talab etiladigan hujjatlarni qisqartirish maqsadida, texnikalar oldi-sotdi qilinganda, sovg‘a yoki meros qilib qoldirilganda notarial idoralar tomonidan tuziladigan shartnomalar va chetdan olib kirilgan texnikalarga beriladigan bojxona yuk dekoratsiyalarini yuridik va jismoniy shaxslardan talab etilmasdan, ushbu hujjatlarni Inspeksiya tomonidan Adliya vazirligining “Notarius” va Bojxona qo‘mitasining tegishli axborot tizimlaridan integratsiya yo‘li bilan elektron olish yo‘lga qo‘yildi.
Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikalarining texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni elektron yuritish maqsadida “Texnikalar texnik ko‘rigi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqilib, 2023 yil 1 iyulidan ishga tushirildi.
Inspeksiya tomonidan beriladigan texnik pasport, texnik guvohnoma hamda traktorchi-mashinist guvohnomalarini QR kodlash joriy etildi.
Buning natijasida QR kod yordamida texnika to‘g‘risidagi maʼlumotlarni onlayn rejimda aniqlash imkoniyati yaratildi.
Jismoniy va yuridik shaxslarga qulayliklar yaratish maqsadida 2023 yil 1 maydan boshlab qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini harakatlanuvchi (maxsus avtotransport) mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalangan holda majburiy yillik texnik ko‘rikdan o‘tkazish amaliyotini joriy etildi.
Ushbu xizmatni amalga oshirish uchun Respublika bo‘yicha jami 28 ta harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalari tashkil etildi.
Buning natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati asosida ularga tegishli bo‘lgan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini turgan joyiga borib texnik ko‘rikdan o‘tkazish imkoniyati yaratildi.
2023 yil 1 avgustdan boshlab qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l- qurilish texnikalarini ishlab chiqaruvchi yoki maxsus savdo tashkilotlarida xaridorlarga sotilgan yangi texnikalar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan hujjatlar bilan birga "O‘zagroinspeksiya"da ro‘yxatdan o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan “Hisob-maʼlumotnoma” berish amaliyoti joriy etildi.
Buning natijasida, yangi sotib olingan texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun mulk egasi tomonidan shartnoma va hisob-fakturalarni taqdim etish talabi bekor qilindi.
Inspeksiya tomonidan “Hisob-maʼlumotnoma” blankalari maxsus himoyalangan qog‘ozda tayyorlanib, Respublikadagi qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l- qurilish texnikalarini ishlab chiqaruvchi hamda maxsus savdo tashkilotlariga bugungi kunga qadar 3 mingdan ortiq “Hisob-maʼlumotnoma” blankalari bepul tarqatildi.
Bugungi kunga kelib, davlat ro‘yxatiga olingan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikalari soni Respublika bo‘yicha jami 350 mingdan ortdi.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida yangi 8 ming 756 ta qishloq xo‘jaligi texnikalari va 3 ming 415 ta melioratsiya va yo‘l qurilish texnikalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
"O‘zagroinspeksiya"ning Texnika holatini nazorat qilish boshqarmasi