Ру Ўз O`z En

Bu qiziq: mahsulotlarni sertifikatlashtirishda intellektual mulk obyektlarini himoya qilish mexanizmi joriy etildi

15 Iyun 2023 2772

"Intellektual mulk” tushunchasi dastlab 1967-yil 14-iyuldagi “Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT)ni tashkil etish to‘g‘risida”gi Stokgolm konvensiyasida ilgari surilgan. Mazkur konvensiya bilan intellektual mulkning huquqiy maqomini hamda  uning tarkibi, yaʼni obyektlari ham belgilab berilgan.

Intellektual mulk aqliy yoki ijodiy faoliyat mahsuli sanalib, huquqshunoslarning taʼkidlashicha, aqliy yoki ijodiy faoliyat mahsuli bo‘lgan mahsulotga nisbatan huquqni anglatadi. Oddiy mulkdan farqi, intellektual mulk biron bir moddiy ko‘rinishga ega bo‘lmasligi ham mumkin. Intellektual mulk keng qamrovli tushuncha bo‘lib, unga quyidagilar kiradi:

mualliflik huquqi (fan, adabiyot va sanʼat asarlari);

turdosh huquqlar (ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari);

sanoat mulki (ixtiro, foydali model va sanoat namunalari);

elektron dasturlar va maʼlumotlar bazalari;

xususiylashtirish vositalari (firma nomlari, tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi, geografik ko‘rsatkichlar);

seleksiya yutuqlari (o‘simliklarning yangi navlari va hayvonlarning yangi zotlari);

oshkor etilmagan axborot, ishlab chiqarish sirlari (nou-xau);

integral mikrosxema topologiyalari.

Intellektual mulk huquqini muhofaza qilish va himoya qilish o‘zaro bir-biridan farq qiladi. Muhofaza biror intellektual mulkni yaratib, uni ro‘yxatdan o‘tkazishgacha bo‘lgan jarayondir. Masalan ixtiro yaratilsa, patentlanadi va muhofazaga olinadi. Himoya esa undan keyingi jarayon bo‘lib, kimdir intellektual mulkdan ruxsatsiz foydalansa, intellektual mulk himoya qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasida ham  intellektual mulkini huquqiy himoya qilish bo‘yicha bir qator amaliy choralar va qonunchilik hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, ular xalqaro shartnomalar normalarini milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish orqali  takomillashtirilmoqda, mazkur huquqni himoya qilish bo‘yicha yangi maxsus usullar va vositalar joriy etilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining “Mahsulotlarni sertifikatlash qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi buyrug‘i bilan mahsulotlarni sertifikatlashning amaldagi qoidalariga intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarga rioya etilganligini o‘rganish va tekshirish mexanizmi kiritildi.

Endi sertifikatlash organi mahsulotlarni sertifikatlashda ayrim intellektual mulk obyektlari, yaʼni tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari, tovar kelib chiqqan joy nomlari, geografik ko‘rsatkichlar va sanoat namunalariga bo‘lgan huquqlarga rioya etilganligini qoidalarda nazarda tutilgan hollarda o‘rganadi  va tekshiradi.

Agar  chetdan keltiriladigan mahsulotni yoki respublikamizda ishlab chiqarilgan mahsulotni sertifikatlashtirishni o‘tkazish uchun arizachi arizasi bilan birgalikda, mahsulotda qo‘llanilgan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi tegishli obyekt ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi muhofaza hujjati (guvohnoma, patent yoki ularga ilova) nusxasi yoki undan foydalanish to‘g‘risidagi litsenziya shartnomasi nusxasi (agar bo‘lsa)ni taqdim etsa,  sertifikatlashtirish jarayonida, intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarga rioya etilganligini o‘rganish va tekshirish amalga oshirilmaydi.

Ushbu hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda tegishli mahsulotda bu huquqlarga rioya etilganligini o‘rganish va tekshirish sertifikatlash organi tomonidan ikki ish kunida amalga oshiriladi.

O‘rganishda sertifikatlashtirish sinovlarini o‘tkazish uchun tanlab olingan mahsulot namunalarida (yorliq va qadoqlarda) qo‘llanilgan belgi, nom va boshqa rekvizitlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining «Sanoat mulki muhofazasi portali»dagi mavjud maʼlumotlar bilan solishtiriladi.

O‘rganish va tekshirish davrida sertifikatlashtirish sinovlarini o‘tkazish uchun tanlab olingan mahsulot namunalarida (yorliq va qadoqlarda) qo‘llanilgan belgi, nom va boshqa rekvizitlarda qonunchilik hujjatlari bilan muhofaza qilinadigan intellektual mulk obyektlarilar bilan adashtirib yuboradigan darajada bir xil yoki aynan o‘xshash bo‘lgan belgilar aniqlansa, sertifikatlash organi tomonidan arizachiga asoslantirilgan rad javobi beriladi.

Xulosa qilib aytganda mahsulotlarni sertifikatlashda ayrim intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarga rioya etilganligini o‘rganish va tekshirish xorijiy va mahalliy kompaniyalarning ushbu mulkka bo‘lgan huquqlarini himoya qilish hamda kontrafakt mahsulotlarni muomalaga chiqarishni oldini olish bo‘yicha muhim mexanizm bo‘lib xizmat qiladi.

"O‘zagroinspeksiya"ning Meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya bo‘limi  

Text to speech