Butun dunyoda boʼlgani kabi yurtimizda ham suvni tejab ishlatish muhim ahamiyatga ega. Mavjud suv resurslarining salmoqli qismi qishloq xoʼjaligi ekinlarini yetishtirishga sarflanishi eʼtiborga olinsa, bu beminnat neʼmatdan tejab-tergab foydalanish samarali usuldir. Shu maqsadda qishloq xoʼjaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilsa, hosildorlik oshishi bilan birga, suvni tejash imkoniyati ham yuzaga keladi.
“Oʼzagroinspektsiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʼlimlari tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 25 oktyabrdagi “Qishloq xoʼjaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni ragʼbatlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-4499 - sonli qarori ijrosini oʼz vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Samarqand viloyatida 4 ming 40 gektar paxta, 10 ming 639 gektar bogʼ, 814 gektar tok, 941 gektar yongʼoq, 418 gektar sabzavot va poliz ekinlari jami 16 ming 848 gektar yer maydonida suv tejamkor innovatsion texnologiyalar joriy etilgan.
Jumladan, Ishtixon tumanida 2 ming 589,5 gektar, Samarqand tumanida 2 ming 117,2 gektar, Bulungʼurda 1 ming 872 gektar, Oqdaryo tumanida 1 ming 490,5 gektar yer maydonidagi qishloq xoʼjaligi ekinlari tomchilatib va yomgʼirlatib sugʼorilmoqda.
Ishtixon tumanidagi “Maroqand Sifat Texstil” agro klasteri qoshidagi Ishtixon oltin yerlari fermer xoʼjaligi tomonidan 2 ming 45 gektar yerga ekilgan gʼoʼza tomchilatib sugʼorilmoqda. Xoʼjalikning 6 ta hududiga suv tejamkor markaziy uskunalar oʼrnatilgan. Isroil,Turkiya, Germaniya singari rivojlangan davlatlardan ilgʼor texnologiyalar keltirilgan. Tomchilatib sugʼorish uchun, har gektar yerga 1 ming 800, 2 ming АQSh dollari miqdoridagi zamonaviy uskunalar oʼrnatilgan.
-Ilgari mazkur hudud, iqtisodiy jihatdan samarasiz hisoblanib, har gektar yerdan oʼrtacha 10-15 sentnerdan hosil olingan boʼlsa, bugunga kelib hosildorlik gektariga 35-40 sentnerga toʼgʼri kelmoqda. Joriy yil gʼoʼzaning S-8286, Buxoro-102 navlari ekilib, tomchilatib sugʼorish orqali parvarishlanmoqda. Tomchilatib sugʼorilganda suv tabiiy usuldagiga nisbatan 40-45 foiz tejaladi. Shuningdek, kimyoviy oʼgʼitlar markazlashgan holda gʼoʼzaning bevosita ildiziga yuborilishi bois hosildorlik ham yuqori boʼladi.
Bundan tashqari, oddiy usulda paxta xom ashyosi yetishtirilganda mavsum davomida kamida 12-15-marotaba kulьtivatsiya qilinsa, tomchilatib sugʼorishda gʼoʼzani kulьtivatsiya qilish keskin kamayadi. Oddiy usulda har 5 gektar yerda bir nafar suvchi mehnat qilsa, zamonaviy innovatsion texnologiya orqali har 30 gektar maydonda 1 nafar suvchi ishlaydi.
Bugungi kunda gʼoʼzaning rivoji yaxshi, har bir tupda 25-30 tadan koʼsak mavjud. Nasib etsa, paxta yigʼim-terim mavsumini qisqa muddatlarda va sifatli tugatgan xolda klaster qoshidagi qayta ishlash korxonasida tayyor mahsulot tarzida chet davlatlarga eksport qilishni rejalashtirganmiz. Klaster korxonasi tomonidan 7 ta zamonaviy paxta terish mashinasi xarid qilingan,-deydi “Maroqand Sifat Texstil” MChJ direktori Аhad Karimov.
-2020 yili Samarqand viloyati boʼyicha jami 4 ming 788 gektar, shundan 2 ming 200 gektar paxta maydoni, 1 ming 616 gektar bogʼ zamonaviy suv tejamkor texnologiyalar asosida tomchilatib va tuproq ostidan sugʼorish texnologiyalari joriy etilishi rejalashtirilgan.
Inspektsiya organlari tomonidan tomchilatib va yomgʼirlatib sugʼorishning avzalliklari xususida huquqiy targʼibot tadbirlari oʼtkazilmoqda. Koʼrilgan tadbirlar samarasi oʼlaroq, qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini zamonaviy texnologiyalar asosida yetishtirmoqchi boʼlganlar soni tobora ortmoqda,-deydi Inspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan suv va yerlardan foydalanishni nazorat qilish boʼlimi katta inspektori Аvaz Ochilov.
Tomchilatib sugʼorish har jihatdan foydali va samarali ekanligi amalda oʼz isbotini topmoqda. Shunday ekan qishloq xoʼjaligi korxonalari hamda fermer xoʼjaliklari rahbarlari tomonidan zamonaviy innovatsion texnologiyalar joriy etilsa, suv resurslari va xarajatlarni tejash barobarida koʼproq daromad olishga zamin xozirlangan boʼlardi. Davlatimizning oʼz taraqqiyot yoʼli ham aynan shundan iborat.
Аbduvali Xudoyorov, Inspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori