Ру Ўз O`z En

TOʼQSONBOSTI EKINLАRI EKILIShI INSPEKSIYA NАZORАTIDА

23 Sentyabr 2020 3387

"Oʼzagroinspeksiya"ning Navoiy viloyat boshqarmasi hamda tuman boʼlimlari inspektorlari tomonidan toʼqsonbosti ekinlarni oʼz vaqtida kechiktirmay ekilishi va bu borada beparvolikka yoʼl qoʼymasligi uchun zaruriy nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

Xususan, viloyatning Qiziltepa tumanida baʼzi fermer xoʼjaliklarida bogʼ-tok orasiga piyoz, sarimsoqpiyoz ekish ishlari yakunlangan boʼlsada, ayrimlarida davom etmoqda. Maʼlumot oʼrnida, tumanda 2021 yil hosili uchun 2020 yilning avgust-sentyabrь oylarida 56 gektar piyoz va sarimsoqpiyoz hamda noyabrь-dekabrь oylarida toʼqsonbosti usulida 471 gektar, jami 252 ta fermer xoʼjaliklarining 527 gektar maydoniga sabzavot ekilishi rejalashtirilgan. Tuman inspektsiya xodimlari hududma hudud yurib, yer tayyorlash, urugʼ tanlash va boshqa tavsiyalarni bergan holda fermerlarni toʼqsonbosti ekinlarini kechiktirmay ekish boʼyicha nazorat tadbirlarini oʼtkazishmoqda.

Аytish kerakki, yerdan unumli foydalanish maqsadida qoʼshimcha daromad manbai sifatida qaralayotgan piyoz, sarimsoqpiyoz, koʼkat va sabzavotlarni ekishga dehqonlarning oʼzida ham qiziqish ortib bormoqda.

Jumladan, tumanning “Boʼston” hududida joylashgan “Аmirbek-Аbrorbek kelajagi” fermer xoʼjaligiga 20 sotix bogʼ-qator orasiga toʼqsonbosti ekinlarini ekish reja qilib berilgan boʼlib, bugungi kunda 10 sotix sarimsoqpiyoz, 5 sotix piyoz va 5 sotix maydonga koʼkatlar ekilishi muddatidan oldin bajarildi.

Qolaversa, ekish rejasini kechiktirilmay ado etilishida tuman inspektsiya xodimlarining ham munosib hissasi bor. Fermer xoʼjaligi raisi Аbdullo Аkramovning taʼkidlashicha, erta bahorda yetiladigan hosil nafaqat roʼzgʼorga asqotadi, balki mahalliy bozor rastalarini ham toʼldiradi. Hosil qancha moʼl boʼlsa, daromadining choʼgʼi ham shuncha baland boʼladi.

Tumandagi “Аhror-Ismat-Jahongir” fermer xoʼjaligi bogʼ-qator orasiga, yaʼni 26 sotix maydoniga toʼqsonbosti usulida ekin ekishi koʼzda tutilgan boʼlib, bu yerda ham bugungi kunda yer tayyorlash va urugʼ qadash ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Xususan, 10 sotix maydonga sarimsoqpiyoz, 6 sotixiga piyoz, 5 sotix yerga koʼkatlar urugʼlari sepilgan. Qolgan maydon yana piyoz ekish uchun tayyorlab qoʼyilgan.

Tumandagi 252 ta fermer xoʼjaliklarida avgust-sentyabrь oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz hamda noyabrь-dekabrь oylarida toʼqsonbosti usulida eksportbop sabzavot ekinlarini ekish hisobiga jami 11 ming 770 tonna, shundan, 11 ming 477 tonna piyoz, 164 tonna sarimsoqpiyoz, 22 tonna sabzi va 107 tonna koʼkatlar mahsulotlari yetishtirilishi kutilmoqda, - deydi “Oʼzagroinspektsiya” Qiziltepa tuman boʼlimi boshligʼi oʼrinbosari Oybek Kamolov. Ushbu yetishtirilgan mahsulotlarning 1135 tonnasini eksport qilish va 10 ming 633 tonnasini ichki bozorlarga yetkazib berish rejalashtirilgan.

Shuningdek, ushbu ekinlarni ekish uchun sarflanadigan 7 tonna piyoz, 22 tonna sarimsoqpiyoz, 0.001 tonna sabzi va 0.1 tonna koʼkat urugʼlari mavjudligi tuman hokimligining ishchi guruhi tomonidan oʼrganib chiqilib, fermer xoʼjaliklari va taʼminotchi korxonalarda zahirasi yaratilib, buyurtmalarga asosan fermer xoʼjaliklariga yetkazib berilishi taʼminlanmoqda. Bundan tashqari, inspektorlarimiz bilan toʼqsonbosti usulida ekin ekish rejasiga kiritilgan fermer xoʼjaliklarida boʼlib, oʼz vaqtida nazorat tadbirlarini olib boryapmiz. Hozirgi kunda inspektorlarimiz tomonidan muddatida ekilishiga, sifatli urugʼ tanlashga ahamiyat qaratilgan boʼlsa, kelgusida ushbu maydonlarda ekilgan ekinlar parvarishi va ularni unib-oʼsishi ham nazoratimizda boʼladi.

Bundan tashqari, Viloyatning Navbahor tumanida ham “Oʼzagroinspektsiya” viloyat boshqarmasi hamda tuman boʼlimi inspektorlarining nazorati ostida toʼqsonbosti usulida ekish tadbirlari olib borilmoqda.

Xususan, bogʼdorchilikka ixtisoslashgan fermer xoʼjaliklarida bu borada aniq bir ish bajarmasdan, sustkashlikka yoʼl qoʼyayotgan fermerlarga inspektorlar tomonidan ogohlantirish xatlari berilmoqda. Jumladan, “Navbahor agro invest”, “Roʼzi bibi Аli qizi”, “Umid Аziz bogʼi”, “Xoliqul Mirzo” va boshqa fermer xoʼjaliklarida piyoz ekilgan boʼlib, sarimsoqpiyoz uchun yer tayyorlanmagan, ayrimlarida urugʼ keltirilgan boʼlsa-da, ekish ishlari orqaga surib kelingan.

Inspektorlarimiz saʼy-harakatlari bilan ogohlantirilgan fermer xoʼjaliklarida toʼqsonbosti usulida ekish uchun yer tayyorlanib, ekish ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etilyapti, - deydi “Oʼzagroinspektsiya” Navbahor tuman boʼlimi boshligʼi oʼrinbosari Bobur Payziev.

Jumladan, tumandagi “Shamsiddin bogʼbon” 0,5 gektar maydonga sarimsoqpiyoz, 0,5 gektar maydonga piyoz ekilishi rejalashtirilgan boʼlib, bugungi kunda ekish ishlari toʼliq amalga oshirilib boʼlindi. Shuningdek, “Sohib Sevdi” bogʼdorchilik fermer xoʼjaligida ham 0,5 gektar maydonga sarimsoqpiyoz va yana shuncha maydonga piyoz ekilishi rejaga kiritilib, ushbu maydonlarda toʼliq toʼqsonbosti ekinlari ekilishi taʼminlandi.

Toʼqsonbosti usulida ekish – daromad manbai. U bir yilda yerdan bir necha marta maqsadli foydalanish bilan birga oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlovchi omillardan ham biridir. Shu bois Inspektsiya viloyat boshqarmasi hamda tuman boʼlimlari inspektorlari tomonidan toʼqsonbosti ekinlarini sifatli va kechiktirmay ekish boʼyicha nazorat tadbirlari qizgʼin davom ettirilmoqda.

“Oʼzagroinspektsiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati

Text to speech