Xalqimizda “To‘qsonda sug‘orsang, to‘qson botmon hosil olasan”, degan purmaʼno naql bor. Bunda qishning to‘qson kuni nazarda tutilgan. Bu naql bejiz aytilmagan, negaki mutaxassislarning taʼkidlashicha, kuzda ekilib, qor ostida qoldirilgan sabzavot ekinlari urug‘lari erta ko‘klamda yerdan juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi. Erta bahorda esa mahsulotning bozori chaqqon bo‘lishi sir emas.
Dehqonchilikning To‘qsonbosti usuli yaxshigina daromad manbai bo‘lish bilan birga, aholining ertangi sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish imkonini beradi. Natijada qish va bahor oylarida ham bozorlarimiz to‘kin-sochin, narx-navo barqaror bo‘ladi. Ushbu masalaga hukumatimiz tomonidan ham alohida eʼtibor qaratilib, aholining sog‘lom ovqatlanishi, xalqimiz dasturxoniga yil davomida har xil sabzavot mahsulotlarining yetishtirilishi va yetkazib berilishini taʼminlash maqsadida Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Toshkent viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan nazoratga olingan.
Joriy yilda, Toshkent viloyati bo‘yicha jami bo‘lib 28 ming 858 gektar maydonga avgust-sentyabr oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz hamda noyabr-dekabr oylarida To‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekilishi belgilandi. Barcha toifa xo‘jaliklarida avgust-sentyabr oylarida 8 ming 804 gektar maydonga piyoz va sarimsoqpiyoz ekilib, zarur agrotexnik tadbirlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa, bugungi kunda 10 ming 506 gektar maydonga To‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari (piyoz, sabzi, ko‘katlar, karam va osh lavlagi)ni ekish ishlari qizg‘in olib borilmoqda.
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan aholi tomorqalarida, fermerlar va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan ekish ishlarining borishi, urug‘liklar, moddiy-texnik resurslarning o‘z vaqtida yetkazib berilishi kabi masalalar joyida o‘rganilib, bu boradagi tadbirlarni samarali tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda. Viloyat tumanlarining tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda ochiq maydonlarga va bog‘-tok qator oralariga To‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini navlar bo‘yicha joylashtirish, ekish va parvarishlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berib borilmoqda.
Viloyat bo‘yicha asosiy sabzavot ekinlarining yuqori avlodli mahalliy navlari urug‘larini yetkazib beruvchi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti Toshkent ilmiy tajriba stansiyasida kashnich, ukrop, qovun, tarvuz, baqlajon, pomidor, bodring, lavlagi, karam, sabzi, turp, sholg‘om urug‘i, fasol, piyoz, rediska, qovoq, shirin qalampir, patison, kabachka, rediska urug‘liklar tajriba stansiyasi omborida saqlanmoqda.
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshka urug‘liklarining saqlash qoidalarini buzganligi uchun Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti masʼul mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtK 104-moddasi 2-qismi, tajriba stansiyasi mansabdor shaxslariga esa nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 107-moddalarida hamda MJtK 212-moddasida nazarda tutilgan qoidabuzarliklar sodir etganligi uchun maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib tegishli tartibda sudlarga yuborildi.
Hozirda inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan doimiy va kunlik nazorat o‘rnatilib, tegishli tartibda o‘rganilib, huquqbuzarlarga nisbatan choralar ko‘rib borilmoqda.
C.Sadikov, Agroinspeksiyaning Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i
Sh.Usubaliyev, Agroinspeksiyaning Toshkent viloyati boshqarmasi bosh inspektori