Ру Ўз O`z En

Toshkent viloyati: 2022-yil mobaynida soha yuzasidan jami 100 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan

9 Yanvar 2023 1314

So‘ngi yillarda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga bo‘lgan eʼtibor yana-da ortgan. Har bir tadbirkor, fermer va korxona faoliyati yana-da rivojlanishi va istiqbolli bo‘lishi ko‘p jihatdan sohadagi tartib-intizom va qonun ustuvorligini taʼminlanishiga bog‘liq. Bundan tashqari, aholi murojaatlari bilan ishlash, ikki tomonlama muloqot tizimini yo‘lga qo‘yish ham soha rivoji uchun katta xizmat qiladi.

 

Bugungi kunda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Toshkent viloyat boshqarmasiga Inspeksiya ishonch telefoni, Prezident veb-sayti, "Tadbirkorlar virtual ofisi" axborot portali hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali yozma, og‘zaki va elektron shakldagi murojaatlar kelib tushmoqda.

Shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi holatlardan kelib chiqib ham o‘rganish ishlari olib borilyapti.

«O‘zagroinspeksiya»ning Toshkent viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlariga o‘tgan 2022 yil mobaynida Agrosanoat majmuiga kiruvchi sohalar bo‘yicha jami 99 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan 14 tasi fermer xo‘jaliklari, 5 ta tadbirkorlar 3 ta klasterlar, 67 ta boshqa yuridik shaxslar hamda 10 ta jismoniy shaxslar murojaatini tashkil qilmoqda

Ushbu murojaatlarni sohalar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, 19 ta qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikasi holatlari bo‘yicha, 31 ta qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha, 6 ta paxta xom ashyosi, don ekinlari, ko‘chatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirish bo‘yicha, 15 ta agrotexnik tadbirlarning o‘tkazilishi bo‘yicha, 1 ta chorvachilikda naslchilik ishlarini nazorat qilish bo‘yicha, 19 ta don-urug‘lar va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanish yuzasidan va 8 ta boshqa masalalarga oid murojaatlar kelib tushgan.

«O‘zagroinspeksiya»ning Toshkent viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlariga qonunbuzilishi yuzasidan ariza va shikoyatlar kelib tushgan hollarda qonun buzilishi kim sodir etilgan bo‘lsa, Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes ombudsman)ni xabardor qilgan holda ushbu xo‘jalik yurituvchi subyektda nazorat tadbiri o‘tkazilib, tegishli hujjatlar asosida holat o‘rganildi.

Yuqoridagi holatda qonunbuzilishi tasdiqlansa, Inspeksiya tomonidan o‘z vakolatlari doirasida davlat organlariga, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar tashkilot, muassasa va korxonalarga, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlarga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma yoki taqdimnomalar kiritiladi. Ko‘rsatmalar o‘z vaqtida bajarilmagan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi “Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning tegishli moddalariga asosan jarimalar qo‘llash bo‘yicha maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudlarga yuboriladi.

Bundan tashqari, firibgarlik, qo‘pol qonun buzilish va jinoyat alomatlari bor deb hisoblangan holatlarda xo‘jalik yurituvchi subyektlar ustidan to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiriladi.

Misol uchun, Viloyatning Yangiyo‘l tumanida joylashgan «H» fermer xo‘jaligi yonidagi chegaradosh «R» fermer xo‘jaligi tomonidan zovur suvlariga sunʼiy to‘g‘on o‘rnatib, sunʼiy baliq hovuz tashkil etib, noqonuniy baliq boqayotganligi sababli, uning fermer xo‘jaligi yerlariga ekinlarni sug‘orish uchun suv yetib bormayotganligi yuzasidan shikoyat qilgan.

Mazkur murojaat joyiga chiqib o‘rganilganda, Yangiyo‘l tumanidagi «R» fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan fermer xo‘jaligiga qarashli ekin maydonlariga suv olish maqsadida hududdan oqib o‘tuvchi «Salar-2» kollektoriga haqiqatdan ham noqonuniy to‘g‘on o‘rnatilganligi aniqlanib, kamchiliklar bartaraf etildi.

Ushbu holat yuzasidan fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 74-moddasi 2-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi va qonuniy chora ko‘rish uchun hujjatlar to‘plami huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yuborildi.

Bugungi kunda jismoniy va yuridik shaxslar hamda «O‘zagroinspeksiya» o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha hal qilish maqsadida «O‘zagroinspeksiya»ning Toshkent viloyat boshqarmasida Apellyatsiya kengashi tashkil etilgan.

Mazkur apellyatsiya kengashining asosiy vazifalaridan biri yuzaga keladigan nizolarni sudgacha ko‘rib chiqish va xulosa qabul qilish orqali ularni hal qilish choralarini ko‘rib borishdan iborat. Shunga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar yuzaga keladigan nizolarni sudgacha ko‘rib chiqish maqsadida ushbu Apellyatsiya kengashiga ham murojaat qilishlari mumkin.

 

l.Isabekov, «O‘zagroinspeksiya»ning Toshkent viloyat boshqarmasi bosh inspektori

 

Text to speech