Ру Ўз O`z En

Urugʼlik paxta xom ashyosini gʼaramlarda saqlash tartibi

6 Oktyabr 2020 7945

“Urugʼchilik toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunining 25-moddasi va Oz DSt 642:2013 Urugʼlik paxta. Texnikaviy shartlar davlat standartida kelgusi yil hosili uchun jamgʼarilgan urugʼlik paxta xom ashyosini gʼaramlarda saqlash tartibi belgilab berilgan.

Bunga koʼra, fermer xoʼjaliklaridan qabul qilib olingan urugʼlik paxta 250-300 tonnadan qilib selektsion navi, avlodi, nav tozaligi, dala guruhi, sanoat navi, kelib chiqishi, sinfiga qarab alohida-alohida toʼdalarga toʼplanadi.

Bir xil urugʼlik materiali olish uchun aprobatsiya davomida aniqlangan har bir dala guruhidan terib topshirilgan urugʼlik paxtalar navi va avlodi bir xil boʼlishidan qatʼiy nazar alohida gʼaramlarda saqlanadi.

Sentyabrь oyida terilgan urugʼlik paxtani bitta toʼdaga jamlash 15 kundan, oktyabrь oyidagi terilgan urugʼlik paxta esa 10 kundan oshmagan holda alohida gʼaramlanishi lozim. Urugʼlik paxtaning ikki toʼdasini bitta maydonchaga toʼplashga yoʼl qoʼyilmaydi.

Joriy yildagi gʼoʼzaning holati va pishib yetilishidan kelib chiqqan holda urugʼlik paxtani qabul qilish muddatlari belgilanadi.

Nav sinash uchastkasida yetishtirilgan urugʼlik paxtani qabul qilib olish va toʼdalarga toʼplash davlat nav sinash uchastkasi vakili ishtirokida amalga oshiriladi.

Paxta tozalash korxonasida urugʼlik paxtani toʼdalarga toʼplash korxona agronomi va “Аgrosanoat majmuida xizmatlar koʼrsatish markazi” DUKning urugʼchilik yoʼnalishi boʼyicha tuman boʼlimi mutaxassisi rahbarligida amalga oshiriladi. Tayyorlov punktida ikki va undan ortiq xoʼjalikdan keltirilgan bir xil urugʼlik paxta toʼdalari selektsion va sanoat navi bir xil koʼrsatkichlariga ega boʼlgan hollardagina “Аgrosanoat majmuida xizmatlar koʼrsatish markazi” DUKning urugʼchilik yoʼnalishi boʼyicha tuman boʼlimi mutaxassisining ruxsati bilan qoʼshib toʼdalarga toʼplanishi mumkin.

Paxta tozalash korxonasiga bir tumanning turli tayyorlov punktlaridan olib kelingan urugʼlik paxtalarning navi, avlodi va dala guruhi bir xil toʼdalarda birlashtirish (toʼplash) faqat oʼzaro birlashtirilayotgan urugʼlik paxta toʼdalarining ekinboplik sifat koʼrsatkichlari bir-biriga yaqin natijalari qayd etilgandagina, “Аgrosanoat majmuida xizmatlar koʼrsatish markazi” DUK ning urugʼchilik yoʼnalishi boʼyicha tuman boʼlimi ruxsati bilan amalga oshiriladi.

Paxta tozalash korxonasi texnik nazorat boʼlimi urugʼlik paxtaning har bir toʼdasini toʼplash bilan bir paytda tayyorlov punktlari laborantlari orqali har kuni qabul qilinayotgan paxtadan belgilangan uslub asosida namunalar tanlab olinishini yoʼlga qoʼyadi. Shuningdek, uni qayta ishlashni tashkil etadi. Namunalar olingandan soʼng uch kun ichida “Аgrosanoat majmuida xizmatlar koʼrsatish markazi” DUK ning urugʼchilik yoʼnalishi boʼyicha tuman boʼlimiga 1 kg paxta chigiti uning mexanik shikastlanganlik darajasini aniqlash uchun beriladi. Paxtaning qolgan qismidan laboratoriyada toladan chigit ajratib olinadi hamda chigitning pishganligi va unuvchanligini aniqlanadi.

Urugʼlik paxta toʼdasining hajmiga qarab namuna toʼdadan yoki uning qismidan (nazorat birligi) olinadi. Nazorat birligining hajmi urugʼlik paxta uchun – 50 tonnani tashkil etadi.

Olingan har bir namunaga tayyorlov punkti laboranti imzolagan toʼda raqami, paxtaning selektsion navi, avlodi, sanoat navi, sinfi, toʼdani toʼplash boshlangan vaqti va uning vazni namuna olish muddati koʼrsatilgan yorliq yopishtiriladi.

Urugʼlik paxta qabul qiluvchi paxta tozalash korxonalari va maskanlarida hududning bir qismiga texnik va boshqa qismiga urugʼlik paxta xomashyosi alohida-alohida toʼdalarda jamgʼarilib saqlanadi.

Rayonlashtirilgan va yangi navlarning elita avlodining urugʼlik paxtasi yangi qop-qanorlarga solinib, har bir qopning ichki va tashqi qismiga amaldagi standart talablari asosida tayyorlangan yorliqlar qoʼyilib, quruq, toza va yopiq omborxonalarda chuqur hosil qilgan holda saqlanadi. Qanor qoplar yogʼoch taglik ustiga taxlab qoʼyiladi.

Urugʼchilik xoʼjaliklarini rayonlashtirilgan va yangi navlarning elita paxta xomashyosi solinadigan qop-qanorlar bilan urugʼlik paxta tayyorlovchi korxonalar hamda paxta-toʼqimachilik ishlab chiqarishlari tashkilotchilari va klaster korxonalari taʼminlaydi.

Urugʼlik paxtaning birinchi avlodi yoyiq holda quruq binoda saqlanadi. Birinchi avlodga mansub rayonlashtirilgan gʼoʼza navining 200 tonnagacha qismini ochiq maydonlarda gʼaramlab, yangi brezent bilan yopiq holda saqlashga ruxsat etiladi.

Urugʼlik paxtaning ikkinchi va undan past avlodli har bir toʼplangan toʼdalari boshqa toʼdalardan alohida ajratib, maydonchalarda gʼaram holida yangi brezent bilan yopib, namlanishga va urugʼlik materialning buzilishiga yoʼl qoʼymagan sharoitda saqlanadi.

Urugʼlik paxta saqlanayotgan har bir ombor yoki gʼaramga paxtaning 8-XL shaklli pasportidan koʼchirma yopishtirib qoʼyiladi. Unda toʼda raqami va vazni, selektsion va sanoat navi, sinfi, avlodi, nav tozaligi, aprobatsiya oʼtkazilgandan keyin aniqlangan dala guruhi, omborxona yoki gʼaram raqami, qabul qiluvchining familiyasi koʼrsatiladi.

Pasportdagi yozuvlarning oʼz vaqtida va toʼgʼri toʼldirilishi uchun masʼuliyat qabul qiluvchi va korxona yoki punktning katta laboranti zimmasiga yuklanadi. Paxta tozalash korxonasi agronomi va “Аgrosanoat majmuida xizmatlar koʼrsatish markazi” DUK ning urugʼchilik yoʼnalishi boʼyicha tuman boʼlimi mutaxassisi urugʼlik paxta pasportidagi yozuvlarning toʼgʼriligini tekshirib boradi.

Urugʼlik paxta xom ashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish boʼlimi

Text to speech