Ру Ўз O`z En

2023- yilning o‘tgan davrida Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar 

4 May 2023 2168

Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish va sifatli mahsulot yetishtirishda urug‘chilik tarmog‘i asosiy drayver hisoblanadi. O‘z navbatida soha taraqqiyotini belgilovchi va uni har tomonlama tartibga soluvchi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi muhim vazifalardan biri sanaladi.

Xususan, Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish yo‘nalishida «O‘zagroinspeksiya» tomonidan joylarda bir qator ishlar amalga oshirildi.

Birinchidan, Prezidentining 2018 yil 27 apreldagi PQ-3683-sonli qaroriga asosan, bir viloyatda 10 tadan, har bir tumanda esa 5 tadan ortiq g‘alla navlarni ekish taʼqiqlanganligiga qaramasdan, amalda viloyatlarda 16 tadan 34 tagacha, tumanlarda esa 7 tadan 12 tagacha navlar ekilishiga yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, Farg‘ona viloyatida 34 ta, Jizzaxda 33 ta, Qashqadaryoda 30 ta, Sirdaryo, Andijon, Buxoro va Samarqand viloyatlarida 24 tagacha navlar ekilganligi aniqlangan.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalasi bo‘yicha o‘rinbosarlariga taqdimnomalar kiritilgan.

Ikkinchidan, 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida 119 ta tumanlardagi tanlov komissiyalari tomonidan urug‘lik paxta yetishtirish maqsadida o‘tkazilgan tanlov natijalari xam nazorat qilib borilgan.

Bunga ko‘ra, hududlardagi tanlov komissiyalariga talabgorlar tomonidan 3 850 ta arizalar (147 ming ga) topshirilgan bo‘lib, tanlovlar natijasida 3187 ta subyektlarning 99,3 ming gektar maydoni joriy yil hosilidan urug‘lik paxta yetishtirish uchun yaroqli deb topilgan.

Tender jarayonida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda 61 ta ogohlantirish, 82 ta ko‘rsatma, 37 ta taqdimnoma va 3 ta maʼmuriy qarorlar ko‘rilishi taʼminlandi.

Uchinchidan, 2023 yil hosili uchun sifatli urug‘lik chigit tayyorlash jarayonlari ham doimiy nazorat qilib borildi. Jumladan, 112 ta paxta to‘qimachilik klasterlari tomonidan 59,6 ming tonna urug‘lik chigit tozalash-saralash, 24,6 ming tonna tuksizlantirish va 43,3 ming tonna dorilash ishlari hamda ekinboplik sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha sertifikat olib, realizatsiya qilish ishlari nazorat qilib borildi.

«O‘zagroinspeksiya» Axborot xizmati

Text to speech