“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda, qishloq xo‘jaligiga ajratilgan yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi.
Xususan, Samarqand tumanida joylashgan “F.Qosimova agroservis agrofirmasi” hududida, qishloq xo‘jaligi xaritasining 470-konturida joylashgan 81,0 ball bonitetga ega sug‘oriladigan yer maydonida, mahalliy fuqaro tomonidan 80 kvadrat metrli molxona qurilishi aniqlangan. Ushbu o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilish tufayli mazkur yer maydoni qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilgan. Holat bo‘yicha hisob-kitoblar asosida davlatga yetkazilgan zarar miqdori 10 million 102 ming 289 so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, Toyloq tumanining “Ilmobod” mahallasida yashovchi fuqaro Samadov Akmal tomonidan, uzoq yillardan buyon ijara asosida foydalanib kelinayotgan, “Shohruxmirzo Nozima bog‘lari” fermer xo‘jaligiga qarashli 75 ball bonitetli, 0,1872 gektar sug‘oriladigan yer maydonining unumdor qatlamiga jiddiy zarar yetkazilgani aniqlangan. Unumdor qatlam 60–70 santimetr chuqurlikda kovlangan bo‘lib, bu holat natijasida yer qishloq xo‘jaligi aylanishidan chiqib qolgan. Mazkur holat natijasida davlat manfaatlariga 198 million 771 ming 888 so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Mazkur holatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-maydagi 146-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq baholandi va qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rildi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi, yerlaridan foydalanuvchi va ijarachi bo‘lgan barcha yuridik va jismoniy shaxslarni umummilliy boyligimiz, xalqimizning hayoti, faoliyati va farovonligining asosi bo‘lgan yerdan oqilona foydalanishga, eng avvalo sug‘oriladigan yerlarning alohida muhofaza etilishini, kengaytirib borilishini hamda ulardan qat’iy belgilangan maqsadda foydalanishni ta’minlash chaqiradi.
A.Xolbekov,
“O‘zagroinspeksiya” Samarqand viloyat boshqarmasi
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i