Bugungi kunda Respublikada 2024-yil hosili uchun 1 mln 169 ming 775 gektar maydonda boshoqli don ekinlari parvarish qilinmoqda.
Joriy yilning 15-noyabr holatiga g‘allaning holati tahlil qilinganda, 82 foiz (961 ming.ga) maydonda g‘alla to‘liq unib chiqqan, shundan 42 foizi (410 ming.ga) 1-2 barg, 37 foizi (352 ming.ga) 3-4 barg va 20 foizi (197 ming.ga) tuplash fazasida rivojlanmoqda.
Shuningdek, g‘alla maydonlarining 1 mln 38 ming gektarida yaʼni 88 foizida 1-sug‘orish, 126 ming gektar 11 foizida 2-sug‘orish ishlari amalga oshirilgan.
Hozirgi paytda g‘allani azotli o‘g‘itlar bilan kuz oylarida oziqlantirish, nihollarda qo‘shimcha poya shakllanishiga va tuplash jarayoniga ijobiy taʼsir qiladi va kelgusida g‘alladan yuqori hosil olish uchun zamin bo‘ladi.
Shuning uchun, hududlarda g‘allani qishlovga tuplagan holda kirishini taʼminlash uchun gektariga (fizik holda) 100-150 kg.dan azotli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish belgilandi.
Ushbu tadbir, Respublikada atigi 154 ming gektar yoki 13 foiz g‘alla maydonlarida o‘tkazilgan xalos.
Shu bilan birga, hududlarda 33 ming 388 gektar yoki 3 foiz maydonda g‘alla bargidan oziqlantirildi.
Respublikada 2024-yil hosili uchun g‘alla ekilgan maydonlarda agrotexnik tadbirlarni bajarilishi ustidan “O‘zagroinspeksiya” tomonidan nazorat o‘rnatildi.
Xususan, “O‘zagroinspeksiya” tomonidan g‘alla maydonida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan 12 ming 181 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, tadbirlar davomida don ekilgan maydonlarda g‘allaning unib chiqishi, sug‘orish, oziqlantirish, to‘liq ko‘chat olinganligiga hamda mahalliy o‘g‘it chiqarish ishlariga alohida eʼtibor qaratildi.
G‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarni bajarilishida qayd etilgan salbiy holatlarni bartaraf etish maqsadida, soha masʼullariga 105 ta taqdimnomalar va fermer xo‘jaliklariga 12 ming 76 ta ogohlantirish berildi.
“O‘zagroinspeksiya” tomonidan hududlarda g‘alla parvarishida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi yuzasidan mavsum davomida doimiy nazoratga olib boriladi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish bo‘limi