Ру Ўз O`z En

Xorazm: Urug‘lik g‘alla maydonlarini aprobatsiya ko‘rigidan o‘tkazish yuzasidan seminar tashkil etildi

16 May 2024 1195

Viloyatda 2024-yil urug‘lik g‘alla hosili uchun 70 nafar don yetishtiruvchi subyektlar tomonidan 2 mingdan ortiq gektar maydonga kuzgi bug‘doyning 10 ta seleksion navlaridan avlodlar bo‘yicha jami 8000 tonna urug‘lik don yetishtirish rejalashtirilgan.

Joriy yilning 16-may kuni 2024-yil hosilidan urug‘lik don tayyorlash maqsadida Yangibozor tumani “Xorazm faxri” urug‘chilik klasteri urug‘lik g‘alla maydonida kelgusi yil hosili uchun jamg‘ariladigan urug‘lik g‘alla maydonlarini aprobatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha seminar o‘tkazildi.

Seminarda Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi viloyat boshqarmasi, Inspeksiyaning viloyat va tuman bo‘limlari, Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi DM, va urug‘lik g‘alla yetishtiruvchi subyektlar rahbarlari ishtirok etdilar.  

Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi taklifida belgilangan yuqori avlodli urug‘lik don yetishtirish jarayonlarida umumiy maydonlarga nisbatan avlodlar o‘rtasidagi mutanosiblik va oraliqni saqlagan holda aprobatsiyadan o‘tkazish belgilanganligi , shuningdek, Prezidentning 2018-yil 27-apreldagi PQ–3683-sonli qarorida belgilangan “bitta viloyatda o‘ntadan ko‘p, bitta tumanda beshtadan ko‘p boshoqli don ekinlarining rayonlashtirilgan navlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi” borasida fikrlar almashilib, aprobatorlarga bu borada tushuntirishlar berib o‘tildi.

Bugungi kunda yuqori avlodli urug‘liklar asosan Yangibozor va Urganch tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Xususan, Yangibozor tumani bo‘yicha 2024-yil hosilidan 23 nafar urug‘lik don yetishtiruvchi subyektlar tomonidan 1 060 gektar urug‘lik maydonlarida kuzgi bug‘doyning 5 ta seleksion navlaridan avlodlar bo‘yicha jami  4 504 tonna urug‘lik don yetishtirish rejalashtirilgan.

Urganch tumani bo‘yicha 2024-yil hosilidan 10 nafar urug‘lik don yetishtiruvchi subyektlar tomonidan 260,5 gektar urug‘lik maydonlarida kuzgi bug‘doyning 5 ta seleksion navlaridan avlodlar bo‘yicha jami 876 tonna urug‘lik don yetishtirish rejalashtirilgan.

Shunga ko‘ra, aprobatsiya jarayonlarida aniqlangan barcha munozarali masalalarni Inspeksiya tomonidan hal qilinishi bo‘yicha tushuntirishlar berilib, aprobatsiya ko‘rigini hukumatning tegishli qarori asosida tasdiqlangan nizom talablariga binoan o‘tkazish lozimligi taʼkidlandi.

Xususan, urug‘lik maydonlarda nav tozaligi original va elita avlodli urug‘likda 99.7 foiz, r-1 avlodida 98 foizdan kam bo‘lsa, chang qorakuya bilan zararlanish 0.3 foiz va qattiq qorakuya bilan 0.1 foizdan yuqori bo‘lsa urug‘likdan chiqarish choralarini ko‘rish hamda ajralishi qiyin bo‘lgan begona o‘tlar poyalari bilan ifloslanish darajasi 2 foizdan yuqori va ajralishi qiyin bo‘lgan madaniy o‘simlik turlari bilan ifloslanish darajasi 3 foizdan yuqori bo‘lgan maydonlar yaroqsiz- deb topilishi qatʼiy nazorat qilib borilishi to‘g‘risida maʼlumotlar berib o‘tildi.

Seminar davomida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining viloyat boshqarmasi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi viloyat bo‘limi hamda Qishloq xo‘jaligi boshqarmasining aprobatsiya ko‘rigiga masʼul xodimlari tomonidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar berib ketildi.

Kelgusi yil hosili uchun yuqori sifatli navdor urug‘lik zaxirasini yaratishda bu kabi tadbirlarning o‘rni va ahamiyati juda katta bo‘lib, g‘allachilikda iqtisodiy samaradorlikning yuqori bo‘lishiga zamin yaratadi.

"O‘zagroinspeksiya"ning Xorazm viloyat boshqarmasi

Text to speech