Ру Ўз O`z En

Xorijdan keltirilgan jo‘jalarning ota-onasi naslini tasdiqlovchi maʼlumotlar elektron bazasi yaratildi

16 Aprel 2021 2214

Samarqand tumanidagi “Navobod naslli parranda” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi naslli parranda va parranda ozuqasi yetishtirish, agroklaster yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan yirik eksportyor korxonalardan biri.

Ayni kunlarda bu yerda 300 ming bosh naslli parranda parvarishlanmoqda.

Korxona tomonidan oyiga 2 million donadan ortiq naslli jo‘jalar yetishtirilib, respublikamizning qariyb barcha parrandachilik korxonalariga yetkazib berilmoqda.

Korxona filiallari Andijon, Xorazm, Surxondaryo, Toshkent viloyatida ham faoliyat yuritmoqda. Dastlab naslli jo‘jalar Germaniyalik hamkorlar tomonidan yetkazib berilgan bo‘lsa, bugunga kelib korxona qoshidagi inkubatsiya sexida jo‘jalarni ochirish yo‘lga qo‘yilgan.

Xorijning zamonaviy uskunalari yordamida har 100 ta tuxumdan 90-95 ta jo‘jalar ochirishga erishilmoqda.

Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi tomonidan soatiga 20 tonna parranda omuxta yemi ishlab chiqarilib mamlkatimizdagi parrandachilik korxonalari va Afg‘oniston, Tojikiston davlatlariga eksport qilinmoqda.

Fermer xo‘jaligi tomonidan joriy yilning yanvar-mart oyi davomida 4 mln. 200 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulot Tojikiston, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya davlatlariga eksport qilindi.

Agro klaster tomonidan  120 gektar yerda intensiv usulda uzumzor barpo etilgan bo‘lib, uzumning eksportbop oq kishmish navi parvarishlanmoqda. Bu yerda gektariga 1 ming 650 dona ko‘chat ekilgan bo‘lib, tabiiy uzumzorlarga nisbatan hosildorlik har gektar hisobiga 5-6 barobarga ko‘p bo‘lishi kutilmoqda.

Kelgusida, har gektar yerdan 22-25 tonna eksportbop uzum yetishtirib, mahsulotning barchasini sanoat usulida qayta ishlaymiz. Natijada, eksport miqdori 50-55 foizga ko‘payishi ekutilmoqda,-deydi “Navobod naslli parranda” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Haydar O‘roqov.

-Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand tuman bo‘limi tomonidan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga parrandachilik yo‘nalishida naslchilik faoliyatini yana-da takomillashtirish, uzum yetishtirish va uni qayta ishlashni sanoat usulida tashkil etish yuzasidan bir qator amaliy yordamlar berib kelinmoqda. Shuningdek, eksportyor davlatlar tomonidan taqdim etilgan jo‘jalarning ota-onasi naslini tasdiqlovchi maʼlumotlarning elektron bazasi yaratildi, - deydi Inspeksiyaning Samarqand tumani bo‘limi boshlig‘i Saʼdullo Uzaqov.

“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati

Text to speech