Ру Ўз O`z En

Yog‘-moy ishlab chiqarishda sifat nazoratini “O‘zagroinspeksiya” amalga oshiradi.

7 Dekabr 2020 4363

2020 yilning 27 oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi PF-6094-sonli Farmoni imzolangan edi.

Mazkur farmon ilovasining 7-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 yanvardagi PQ-3479-sonli “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 2-bandi “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi yangi tahrirda bayon etilishi belgilab qo‘yilgan.

Unga ko‘ra, paxta texnik chigiti tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar mahalliy korxonalarga birja orqali sotilishi belgilandi. Birja savdolarida ishtirok etuvchi korxonalar paxta texnik chigitini qayta ishlovchi to‘liq texnologik sikl (mag‘izni yanchish, gidrotermik ishlov berish, presslash, ekstraksiyalash, rafinatsiyalash, dezodoratsiyalash va qadoqlash sexlari)ga ega bo‘lishi, shuningdek korxonada  qayta ishlab olingan tayyor mahsulotlar uchun tegishli gigienik xulosasi va muvofiqlik sertifikatlariga ega bo‘lishi shart.

Agar mahalliy korxonada gigienik xulosa va muvofiqlik sertifikatlari bo‘lmasa, ularni olish olish uchun paxta texnik chigiti tuman yoki shahar hokimining foydalanishga topshirish dalolatnomasi asosida mulkchilik shaklidan qat’iy nazar mahalliy korxonalarga 5 tonnagacha hajmda sotiladi, sotib olingan paxta texnik chigitini qayta sotish esa faqat birja savdolari orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, Prezident farmoni bilan “O‘zagroinspeksiya”ga korxonalarning paxta texnik chigitini to‘liq texnologik siklda maqsadli qayta ishlaganligi hamda ularning mahsulot sifatini tasdiqlovchi gigienik xulosa va muvofiqlik sertifikatlariga ega ekanligi ustidan nazoratni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amal oshirish yuklatildi.

Ushbu farmon bilan paxta texnik chigitidan zararsiz mahsulotlar ishlab chiqarilishi va aholi salomatligini himoya qilishni ta’minlash mexanizmi joriy etildi.

Paxta texnik chigiti yog‘-moy sanoatining asosiy xom-ashyosi turidan biri bo‘lib, undan olingan paxta yog‘i aholi tomonidan iste’mol qilinsa, kunjarasi esa hayvon va parrandalar uchun muhim ozuqa manbai bo‘lib xizmat qiladi.

 Moyli xom-ashyo sifatida paxta texnik chigiti boshqa moyli o‘simliklarning urug‘lari va mevasidan ajralib turadigan xususiyati, uning tarkibida eruvchi pigment, gossipol mavjudligidir. Gossipol inson organizmi uchun o‘ta zararli bo‘lgan tabiiy polifenol moddasi bo‘lib, texnik chigitdan qayta ishlangan paxta moyi va kunjarasi xavfsiz bo‘lishi uchun, uning miqdori mahsulotlar tarkibida ruxsat etilgan me’yorlargacha kamaytirish uchun maxsus qayta ishlash siklidan o‘tishi kerak. Bunday to‘liq siklda tozalangan paxta moyi esa muhim va foydali oziq-ovqat mahsuloti bo‘lib hisoblanadi.

Mahsulotni rafinatsiyalash va dezodoratsiyalash nega muhim?

To‘liq siklda tozalanmagan paxta moyini iste’mol qilgan kishilarda jigar, oshqozon-ichak, teri kasalliklari kabi turli ko‘rinishdagi hastaliklar avj oladi. Shuningdek tarkibida gossipol miqdori belgilangandan yuqori bo‘lgan kunjara bilan oziqlantirilgan mayda qoramol va parrandalarda ham turlik kasalliklarni keltirib chiqaradi.

 Gossipolning tirik organizmlarga ta’siri ilmiy tadqiqotlar natijasida tasdiqlangan bo‘lib, gossipol moddasi me’yoridan yuqori bo‘lgan paxta moyi iste’mol qilinganda inson organizmi bosqichma-bosqich zaharlanib, uning sog‘ligiga tiklab bo‘lmas darajada zarar yetadi. Shuning uchun ozuqa maqsadida ishlatiladigan paxta moyi, albatta, rafinatsiyalanishi va dezodoratsiyalanishi muhimdir.

“O‘zagroinspeksiya”ga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda  tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari huquqlarini himoya qilish sohasida qonunchilik, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyuldagi “Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5490 sonli farmon talablariga rioya etilishiga alohida e’tibor berilmoqda.

Bunda paxta texnik chigitini qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning faoliyatini tekshirish tashabbusi bilan chiqish faqat  tegishli tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qonunbuzarlik sodir etish xavfi darajasidan kelib chiqib, «xavfni tahlil etish» tizimi natijalari asosida, tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida amalga oshirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmoqda.

Tekshirishlar sonini kamaytirish, insofli tadbirkorlar faoliyatiga noo‘rin aralashishni oldini olish maqsadida “xavfni tahlil qilish” tizimi orqali tahlillar o‘tkazildi va qonunbuzarlik sodir etish xavfi darajasidan kelib chiqib texnik chigitni qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mavjud korxonalardan 42 tasida korxonaning texnologik jarayonini joyiga borib o‘rganishga qaror qabul qilindi.

 Joyiga borib o‘rganish samardorligini oshirish, xolislikni ta’minlash maqsadida “O‘zagroinspeksiya”ning hududiy boshqarmalari qoshida manfaatdor vazirliklardan iborat ishchi guruhlari tuzildi. Ushbu ishchi guruhlar zarur metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlandi.O‘rganishlarda ishtirok etuvchi xodimlar tomonidan xodimlarning odob-ahloq talablariga rioya etish, tadbirkorlik faoliyati huquq va erkinliklarini hurmat qilish, ularning faoliyatida o‘rganishda noqonuniy aralashuvlarga hamda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha suhbatlar o‘tkazilib ogohlantirildi.

Text to speech