Keyingi yillarda hukumatimiz tomonidan qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishi sohasida samarali islohotlar olib borilmoqda, ekiladigan urug‘likning sifatiga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Zotan, sifatli urug‘ yuqori hosildorlik garovidir.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-oktyabrdagi «Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi PQ-641-sonli qarori qabul qilinishi bilan urug‘chilik sohasini tartibga soluvchi bir qator nizomlar tasdiqlandi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyuldagi 575-sonli qarori bilan Inspeksiyaga berilgan vakolatlardan kelib chiqib, urug‘lik paxta xom-ashyosi yetishtirish sohasida normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan muntazam nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Toshkent viloyatida 2023-yil hosilidan urug‘lik paxta yetishtirish huquqiga ega bo‘lish maqsadida o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra 119 ta xo‘jalik subyektlaridan arizalar qabul qilinib, shundan 96 ta subyektlar tanlov g‘olibi deb topildi.
Viloyatda paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining kelgusi yilda yuqori hosilli hamda sifatli urug‘lik chigiti bilan uzluksiz taʼminlab borish maqsadida, har yili urug‘lik paxta uchun ekilgan maydonlarda aprobatsiya (tanlov) o‘tkaziladi.
G‘o‘za aprobatsiyasi natijasida navlarning elita hamda avlodli ekilgan maydonlarida navning haqiqiy nav tozaligi (navdorligi), nav aralashmalari, o‘simliklarning kasallik va zararkunandalar bilan zararlanganlik darajasi hamda kutilayotgan umumiy paxta hosili, shu jumladan, urug‘lik paxta miqdori va undan olinishi kutilayotgan urug‘lik chigit miqdori ham aniqlanadi.
Joriy yilda ham O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining 2023-yil 7-avgustdagi “Urug‘lik paxta maydonlarida dala aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish to‘g‘risida”gi 146-sonli ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent viloyatida urug‘lik paxta maydonlarida dala aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish bo‘yicha Chinoz tumanidagi Chinoz hududida joylashgan “O‘rinboy xoji” urug‘chilik fermer xo‘jaligi dala shiyponida urug‘lik paxta maydonlarida dala aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv-seminar tashkil etildi.
Ushbu tadbirda sohaga aloqador barcha tashkilotlar va klaster korxona rahbarlari hamda urug‘lik yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va rahbarlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilganlar urug‘lik paxta maydonlarida dala aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish bo‘yicha tegishli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘ldi.