O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xo‘jalik, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 325-sonli qaroriga (matnda qaror deb yuritiladi) asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Toshkent viloyat boshqarmasi Texnika holatini nazorat qilish bo‘limi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, viloyatning Bo‘ka tumani “Mustaqil O‘zbekiston” va “Rovot” hududlarida, “Odil Hosiyat”, “Turdiboyev Holboy”, “Aziz Mirjalol Agro”, “Shodion”, “Bahor” va “Toshqulova Feruza” fermer xo‘jaliklari rahbarlari, hamda Bekobod tumani Dehqonobod hududida “Boybo‘ta”, “Oltin vodiy ishonch fayz”, “Firdavsbek Juratbek”, “Porloq qushchi obod” fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida aholiga va qishloq xo‘jaligi korxonalari, fermer xo‘jaligi rahbarlari ishtirokida Qarorning mazmun- mohiyati soddalashtirilgan xalq tilida tushuntirilib, targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Bunda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xo‘jalik, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 325-sonli qarorining 2-bandiga asosan 2019 yil 1 dekabrdan boshlab Toshkent shahrida, 2020 yil 1 martdan boshlab respublika bo‘yicha — tegishli ravishda traktorchi-mashinist guvohnomasini rasmiylashtirishda — traktorchi-mashinist guvohnomasining, texnikalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda (qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda) — texnik pasport va texnik guvohnomaning yangi namunalari beriladi;
2020 yil 1 mart — 2020 yil 31 dekabr davrida eski namunadagi texnik pasport va texnik guvohnoma, traktorchi-mashinist guvohnomasi, ularning berilgan sanasidan qatʼiy nazar, egalarining arizasiga ko‘ra, majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishda, oldi-sotdi, ro‘yxatdan o‘tkazish va ro‘yxatdan chiqarish davrida almashtiriladi;
2021 yil 1 yanvar — 2022 yil 31 dekabr davrida eski namunadagi barcha texnik pasport va texnik guvohnoma, traktorchi-mashinist guvohnomasi, ularning berilgan sanasidan qatʼiy nazar, majburiy tartibda almashtiriladi;
eski namunadagi texnik pasport va texnik guvohnoma, davlat raqami belgilari, traktorchi-mashinist guvohnomasi 2023 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanishi tushuntirib borilmoqda.
Olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlari natijasida Toshkent viloyati bo‘yicha 28 ming 318 dona qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish mashinalari, agregatlari mavjud bo‘lsa, shundan, 21 ming 760 donasi qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari va 6 ming 558 donasi agregatlar hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan ushbu texnikalarning barchasi elektron maʼlumotlar bazasiga kiritilgan. Bundan tashqari qarorga asosan viloyat bo‘yicha joriy yilning sentyabr oyi holatiga 20 ming 547 dona texnikalarning birlamchi hujjatlari yaʼni, texnika ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi texnik pasport va texnik guvohnomalar yangi namunadagi ID (plastik) kartalarga almashtirildi. Shu bilan birga traktorchi mashinistlarni tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarini tamomlagan hamda eski namunadagi traktorchi mashinist guvohnomasiga ega bo‘lgan traktorchi mashinistlarning 6440 tasiga yangi namunadagi ID (plastik) karta traktorchi mashinist guvohnomasi berilishi taʼminlandi.
Shuningdek qarorning 1-bob, 6-bandi kichik “a” qismida ishlab chiqarilgan yilidan, foydalanish yoki foydalanmaslik, yaroqli yoki yaroqsizligidan qatʼiy nazar, barcha turdagi texnikalar, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan texnikalar — bir yilda bir marta majburiy yillik texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi belgilangan. Ushbu qaror talablaridan kelib chiqib viloyat bo‘yicha joriy yil sentyabr holatiga 13 ming 610 donasi shundan, 10 ming 322 dona o‘zi yurar va 3 ming 288 dona qishloq xo‘jaligi texnikalari majburiy yillik texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.
Inspeksiyaning Toshkent viloyati boshqarmasi Texnika nazorati bo‘limi xodimlari, hurmatli fuqarolardan, qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini eski namunadagi (qog‘ozli) birlamchi hujjatlarini va traktorchi mashinist guvohnomalarini yil yakuniga qadar yangi namunadagi ID (plastik) kartalarga almashtirishni so‘rab qoladi va qonunni bilmasdan buzish javobgarlikdan ozod qilinmasligi to‘g‘risida ogohlantiradi.
R.Shermatov, “O‘zagroinspeksiya”ning Toshkent viloyat boshqarmasi Texnika holatini nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori