Vazirlar Mahkamasining “2021 yil hosili uchun ekilgan boshoqli don hosilini o‘z vaqtida va sifatli o‘rib-yig‘ib olishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
2021 yil o‘rim-yig‘im ishlarida g‘alla o‘rish kombaynlaridan samarali foydalanish, shuningdek, ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi donni xarid qilish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi va uning tizimidagi don korxonalari, g‘allachilik klasterlari, “O‘zagroservis” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy filiallari rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etishni muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi jahon bozori konyunkturasi va mintaqaviy birjalarda kutilayotgan don narxlari hamda xo‘jaliklar don yetishtirish xarajatlari tahlilidan kelib chiqib, don va un mahsulotlari narxining keskin oshib ketishi oldini olish, ichki bozorda don va non narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish uchun 2021 yil hosilidan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 sentyabrdagi 546–son qaroriga asosan, davlat resurslariga 1 700 ming tonna, shu jumladan, 284,4 ming tonna urug‘lik don xarid qilishni taʼminlaydi.
Belgilanishicha, tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, barcha don qabul qiladigan korxonalar va g‘allachilik klasterlari don yetishtiruvchi subyektlar bilan kelishilgan narxlarda zarur miqdordagi donni shartnoma asosida xarid qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Transport vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “O‘zagroservis” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy filiallari, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi hamda don korxonalari rahbarlari g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumida g‘alla o‘rish kombaynlaridan, don tashish uchun jalb etiladigan barcha turdagi transport vositalaridan samarali foydalanish, shuningdek, don qabul qilinadigan shoxobchalari, xirmon maydonlari, don tozalash mashinalari uzluksiz ishlashi va boshqa moddiy-texnika resurslaridan unumli foydalanishini tashkil etadi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi va uning joylardagi don korxonalari, g‘allachilik klasterlari rahbarlari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi 2022 yil hosili uchun boshoqli don ekinlari urug‘ligi o‘z vaqtida va sifatli jamg‘arilishini taʼminlaydi. Bunda urug‘lik don sifati kafolatli bo‘lishini taʼminlash maqsadida urug‘lik g‘allani o‘rish uchun alohida o‘rim-yig‘im otryadlarini shakllantiradi hamda urug‘lik don alohida saqlanishini tashkil etadi.