So‘nggi ikki yilda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur masala davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganligi natijasida 2020 yilning o‘zida qo‘shimcha 133 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi.
Biroq, tobora kuchayib borayotgan suv taqchilligi hamda suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj o‘sib borayotgani qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish samaradorligini keskin oshirishni talab etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 dekabrdagi «Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da jadal tashkil etish chora-tadbirlari» to‘g‘risidagi PQ-4919-son Qarori qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish mexanizmlarining samaradorligini oshirish, sug‘oriladigan maydonlarni suv bilan barqaror taʼminlanishiga erishishni ko‘zda tutadi.
Jumladan, 2021 yilda sug‘oriladigan 200 ming gektar maydonlarni lazerli uskuna yordamida tekislashni tashkil etish uchun 2021 yildan mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga sotib olingan yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizi Davlat byudjetidan qoplab berilishi belgilandi.
Inspeksiya tomonidan ham belgilangan muayyan vazifalar ijrosi taʼminlanib kelinmoqda. Jumladan, 2021-2023 yillarda Respublikada lazer nazoratli yer tekislagichlar ishlab chiqarish hajmini oshirish yo‘l xaritasiga muvofiq 2021 yil 31 mart holatiga respublika bo‘yicha mavjud 696 dona (shundan 415 donasi 2020-2021 yilda xarid qilingan) lazer nazoratli yer tekislagichlar xatlovdan o‘tkazilib, mul egalari bo‘yicha aniqlik kiritildi.
Mavjud lazer nazoratli yer tekislagichlarning 436 donasi fermer xo‘jaliklariga, 196 donasi Klaster korxonalariga, 33 donasi “O‘zAgroservis” AJning hududiy bo‘linmalariga hamda 31 donasi boshqa subyektlarga tegishli bo‘lib, barchasi soz xolatda joriy yilgi mavsumga jalb etilmoqda.
Inspeksiyaning elektron bazasida respublikadagi barcha turdagi qishloq xo‘jalik texnikalari, shu jumladan lazer nazoratli yer tekislagichlar to‘g‘risida maʼlumotlar (soni, mulk shakli, yoshi, texnik holati va h.k) shakllantirildi.
Lazerli tekislagich yordamida tekislangan dala maydonida suv va boshqa ozuqa moddalarning bir xil taqsimlanishi bois, barcha turdagi ekinlarning yaxshi rivojlanishi uchun imkoniyat yaratiladi.
Ekin ekiladigan maydonni lazer nazoratli yer tekislagichlar bilan tekislash quyidagi asosiy natijalarni taʼminlaydi:
- sug‘orish suvi sarfi 20-25 foizga tejaladi;
- suvdan foydalanish samaradorligi 30-40 foizga ortadi;
- sug‘orishga ketadigan vaqt, ishchi kuchi va energiya tejaladi;
- ekinlar bir vaqtda tekis unib chiqadi va pishib yetiladi;
- ekinlar ozuqa moddalar va namlik bilan bir xil taʼminlanadi;
- begona o‘tlar miqdori kamayadi;
- ekin turiga qarab qo‘shimcha 5-10 s/ga hosil olishga erishiladi;
- mahsulotni eksport qilish salohiyati yana-da ortadi;
Dala maydoni tekisligi qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirishda sug‘orish suvi, o‘g‘itlardan samarali foydalanish, energiya-resurslar sarfini tejash, ekinlardan yuqori va sifatli hosil olish imkonini taʼminlashini juda yaxshi anglagan mirishkorlar tekislash ishlarini allaqachon boshlab yuborganlar.
Shuningdek, Inspeksiya tomonidan bugungi kunda qishloq xo‘jalik texnikalarini ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar hamda importer korxonalar bilan maʼlumotlar almashuvi yo‘lga qo‘yilib, joylarga yetkazib berilayotgan texnikalar nazoratga olingan va o‘rnatilgan tartibda Davlat ro‘yxatiga olish ishlari davom ettirilmoqda.
Shavkat Ravshanov, “O‘zagroinspeksiya” Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikasi holatini nazorat qilish bo‘lim boshlig‘i