Maʼlumki, hozirgi kunda qishloq xoʼjaligida 20 mln gektardan ortiq, shu jumladan 3,2 mln gektar sugʼoriladigan ekin yer maydonlaridan foydalanib, aholining ehtiyoji uchun oziq-ovqat mahsulotlari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur xom ashyo yetishtirilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi “Er kodeksi”ga muvofiq yer toʼgʼrisidagi qonun hujjatlarining asosiy vazifalari hozirgi va kelajak avlod manfaatlarini koʼzlab yerdan ilmiy asoslangan tarzda, oqilona foydalanish va uni muhofaza qilishni, tuproq unumdorligini tiklash va oshirishni, tabiiy muhitni asrash va yaxshilashni, xoʼjalik yuritishning barcha shakllarini teng huquqlilik asosida rivojlantirish uchun sharoit yaratishni, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʼlgan huquqlarini himoya qilishni taʼminlash maqsadida yer munosabatlarini tartibga solishdan, shuningdek bu sohada qonuniylikni mustahkamlashdan iborat.
Yerga oid qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda eng avvalo fuqarolarga, jamiyat va davlatga yetkazilgan zarar oʼrnini qoplash, qonun buzilishini davom etishini oldini olish chorasini koʼrgan holda aybdor shaxslarning javobgarlik masalasini hal etish ham muhim ahamiyatga ega.
Joriy yilning oʼtgan 10 oyi mobaynida "Uzagroinspeksiya" tomonidan qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish yuzasidan oʼtkazilgan nazorat tadbirlarida jami 5183 ta holatda 27 ming 673 gektar maydonda qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Jumladan, 1369 ta holatda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 2123 gektar yer maydonlari oʼzboshimchalik bilan egallab olinib, noqonuniy uy-joy va boshqa qurilishlar qurib olish, 3414 ta holatda 17561 gektar yerlardan belgilangandan boshqa maqsadlarda foydalanish yoki ularni yaroqsiz holga tushirish, 33 ta holatda 368 gektar tuman hokimliklari tomonidan yer berish tartibini buzish, 70 ta holatda 100 gektar foydalanilgan yerlarni oʼz vaqtida qaytarmasdan foydalanish, 297 ta holatda 7521 gektar xoʼjalik ichidagi yer tuzish loyihalaridan oʼzboshimchalik bilan chetga chiqish va davlat yer kadastri maʼlumotlarini buzib koʼrsatish kabi yer qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Mazkur aniqlangan yer qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va choralar koʼrish maqsadida, noqonuniy holatni sodir etgan shaxslar va yer egalariga 3056 ta holatda ogohlantirish xati, bartaraf etishlarini soʼrab bajarilishi majburiy boʼlgan 66 ta holatda koʼrsatma, mahalliy davlat hokimiyati organlariga 360 ta holatda taqdimnomalar kiritilgan.
Bundan tashqari Oʼzbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddalariga asosan 2390 ta qonunbuzilishi holatlari yuzasidan toʼplangan hujjatlar tegishliligi boʼyicha koʼrib chiqishlik uchun sudlarga, 263 ta holatda huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilishi taʼminlandi.
Sohadagi qonunchilik ijrosi yuzasidan qishloq xoʼjaligi yerlarini asrab avaylash, yerdan maqsadli va oqilona foydalanish, ekin maydonini muomaladan chiqarmaslik ustidan tizimli nazorat oʼrnatilgan boʼlib, buni oltudini olishga qaratilgan targʼibot va tushuntirish ishlari olib borilmoqda.