Ру Ўз O`z En

514 ta holatda suvdan foydalanishda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilishi aniqlandi

28 May 2021 2127

Respublika Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 apreldagi «Suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanish borasida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish ishlari uchun Navoiy viloyatiga jami 899 million.m3 suv limiti ajratilib, tumanlar kesimida oyma oy tasdiqlab berilgan.

Biroq «O‘zagroinspeksiya»ning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida joriy yilning 27 may holatiga ko‘ra, viloyat bo‘yicha suvdan foydalanish sohasida 514 ta kamchiliklar aniqlangan. Shundan 123 tasi Qiziltepa, 115 tasi Karmana, 97 tasi Navbahor, 90 tasi Konimex, 79 tasi Xatirchi tumanlariga to‘g‘ri keladi.

Suv isteʼmolchilari tomonidan aksariyat hollarda ekin maydonlarini ko‘llatib sug‘orish, suvni kollektor-drenajlarga oqizish, ruxsat etilmagan joylardan va shartnoma tuzmasdan suv olish, dalalarda suvni o‘z holiga tashlab qo‘yish kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Xususan, Qiziltepa tumanida «Kamronbek Moxlarbegim kelajagi» fermer xo‘jaligining 8 gektar g‘alla maydoni 0,10 gektar qismi «Uzilishkent» mahalla fuqarolar yig‘ini Ziroat qishlog‘ida yashovchi fuqarolar tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lgan tomorqa yerlarini sug‘orish davomida ko‘llatib yuborilib, ortiqcha suv isrofgarchiligi kuzatilgan. Tumanning Al-Buxoriy hududidagi «Shaxnoza Sevarabonu chashmasi» fermer xo‘jaligi tomonidan esa o‘ziga tegishli baliqxonasiga 2021 yil sug‘orish mavsumi uchun shartnoma tuzilmagan.

Karmana tumanining Zarafshon hududidagi «Namoz bobo» fermer xo‘jaligi g‘alla maydonidan 5-10 l/sek suv foydalanilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri zovurga tashlab qo‘yilgan bo‘lsa, Navbahor tumanidagi «Xo‘jam ota» fermer xo‘jaligi tomonidan g‘alla maydonlarini sug‘orish vaqtida 0,10 gektar qismi ko‘llatib yuborilib, ortiqcha suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yilgan.

Xatirchi tumanidagi «Uyshin dashtovil» fermer xo‘jaligi tomonidan g‘alla maydonlarini sug‘orish vaqtida dalani ko‘llatib, ortiqcha suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yilgani, Xatirchi Agroeksport» klasterining g‘alla maydonida 15 l/sek suv foydalanilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri zovurlarga tashlab qo‘yilganligi aniqlandi.Mazkur holatlar yuzasidan fermer xo‘jalik rahbarlariga nisbatan MJtKning 74-moddasi 2-qismi bilan maʼmuriy ish qo‘zg‘atilib, qonuniy baho berish uchun tuman sudiga yuborish choralari ko‘rilmoqda.

— Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan vakolat doirasida huquqbuzarlarga nisbatan 46 ta (11 million 515 ming so‘m) maʼmuriy, 31 ta (3 million 172 ming.so‘m) jarima sanksiya qo‘llanildi, — deydi «O‘zagroinspeksiya» viloyat boshqarmasi katta inspektori Ulug‘bek Kenjayev. — 88 ta holat yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqishlik uchun sudlarga kiritildi. O‘z navbatida, tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida 23 ta yozma ko‘rsatma va taqdimnomalar kiritildi.

 “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi

 matbuot xizmati

Text to speech