Ру Ўз O`z En

8 ta holatda Mahalliy hokimiyat tomonidan noqonuniy yer ajratilgan

19 Yanvar 2021 2535

“Oʼzagroinspektsiya”ning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan “Er kodeksi” va Oʼzbekiston Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xoʼjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-5742-sonli farmoni hamda inspektsiya Nizomi talablari asosida Urganch tumanining J.Manguberdi hududida monitoring tadbirlari oʼtkazildi.

Oʼtkazilgan monitoringda Urganch tumani J.Manguberdi hududidagi qishloq xoʼjaligi xaritasining 466, 468, 469, 470, 471, 472 konturlardagi jami maydoni 30,7 gektar, shundan bonitet balli 61.2 balli 11 gektar sugʼoriladigan ekin yeri, 16,1 gektar sugʼoriladigan dala tomorqa yerlari, 3,5 gektar ariq va zovurlar, 0,1 gektar dala yoʼllaridan iborat yer maydonlarida qishloq xoʼjaligidan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun ajratib berilgan tuman va viloyat hokimi qarorlari qonuniyligi oʼrganilganida 17 ta holatda 13,8 gektar yer maydonlari talon taroj kilinishi oqibatida davlatga juda koʼp miqdorda- 8.08 mlrd soʼm zarar yetkazilganligi aniqlandi.

Jumladan, 8 ta holatda 7,8 gektar sugʼoriladigan ekin yer maydonlari mahalliy hokimiyat tomonidan oʼzboshimchalik bilan ajratib berib yuborilgani aniqlandi.

“Eng achinarlisi, Qonunga zid ravishda sugʼoriladigan ekin yer maydonlarini qishloq xoʼjaligida foydalanilmaydigan yerlar sirasiga kiritib, yer turini qasddan oʼzgartirgan holda qaror qabul qilingan” – deydi, “Oʼzagroinspektsiya”ning Xorazm viloyati boshqarmasi qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan suv resurslari va yerlardan foydalanishni nazorat qilish boʼlimi bosh inspektori Nodirbek Qazaqov.

Shu munosabat bilan, oʼtkazilgan monitoring hujjatlari tergovga qadar tekshiruv oʼtkazish hamda JPKning 329-330 moddalari tartibida qonuniy qaror qabul qilish uchun prokuratura organlariga yuborildi. Mazkur hujjatlar viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʼtkazilib, Urganch tumani hokimligi, tumanning arxitektura va yer resurslari boʼlimi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi va 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, tergov harakatlari boshlandi.

Bugungi kunda noqonuniy ajratilgan yer maydonlarida qurilgan bino va inshootlarni buzish hamda yerni oʼz holiga qaytarish ishlari olib borilmoqda.

 

“Oʼzagroinspektsiya” Xorazm viloyati boshqarmasi Аxborot xizmati

Text to speech