Ру Ўз O`z En

Qishloq xo‘jaligi: bahorgi mavsum taraddudi

3 Fevral 2025 110

Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari uchun yil o‘n ikki oy ish topiladi. Binobarin, qish fasli ham ular uchun masʼuliyatli davr hisoblanadi. Yaʼni, bahorgi dala ishlarida texnikalarni mavsumga soz holga keltirish ayni qish mavsumida olib boriladi.

Xo‘sh, Namangan viloyatida 2025-yil bahorgi dala ishlarida qishloq xo‘jaligi texnikalarini taʼmirlash ishlari qanday ketmoqda? Bu haqida O‘zA muxbiriga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Namangan viloyati boshqarmasi shoʻba boshlig‘i Abduqahhor Akbarov quyidagilarni maʼlum qildi.

– Joriy yil bahorgi dala ishlarida qatnashadigan qishloq xo‘jaligi texnikalarini belgilangan muddatlarda, sifatli taʼmirlanishini taʼminlash maqsadida dislokatsiyalar ishlab chiqildi. Unga ko‘ra 46 ta taʼmirlash maskanlar ishlari tashkil etildi. 1 ming 244 ta chopiq traktori, 1 ming 244 ta kultivator, 470 ta chigit ekish seyalkasi, 2 ming 416 ta tishli borona, 402 ta chizel moslamasi, 278 ta pushta olish moslamasi, 271 ta yer tekislagich, 278 ta OVX purkagich, 342 ta mineral o‘g‘it sepkich va 243 ta don o‘rish kombayni qatnashishi rejalashtirilgan.

Mavsumda ishtirok etadigan qishloq xo‘jaligi texnika va mashinalarni holatlari mutaxassislar tomonidan birma-bir o‘rganib chiqilib, nosozlarini taʼmirlash uchun talab etiladigan ehtiyot qismlar hamda pul mablag‘lari aniqlab olindi.

Barcha taʼmirlash maskanlarida taʼmirdan chiqarilib, mavsumga shay holatga keltirilgan texnikalarni tuman komissiyalari tomonidan qayta ko‘rib chiqish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etgan holda qabul qilib sertifikat berish ishlarini borishi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan nazoratga olindi.  

Qolaversa, joylarda mavsum ishlariga jalb etilayotgan har bir qishloq xo‘jaligi texnikalari va mashina mexanizmlarni Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-apreldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari asosida inspeksiya organlarida qayta ro‘yxatdan, yillik texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi, shuningdek, mexanizatorlarni traktorchi-mashinist guvohnomalarini toifalari boshqaruvidagi texnikalarni boshqarishga ruxsat berishi hamda guvohnomalarini, texnik hujjatlarni yangi namunadagi plastik shakldagi hujjatlarga almashtirilganligi alohida nazoratga olinib mulk egalari va mexanizatorlar o‘rtasida qaror ijrosi yuzasidan tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Namangan viloyatida qishloq xo‘jaligini texnikalar bilan taʼminlanganligi darajasi tahlil qilinganda, haydov traktorlari 117 foiz, chopiq traktorlari 127 foiz, kultivatorlar 127 foiz, chigit ekish seyalkalari 112 foiz, yer tekislagichlar 139 foiz, pushta olish moslamalari 109 foiz, don o‘rish kombaynlari 110 foizga taʼminlangan bo‘lsa, chizellar 82 foizga, tishli boronalar 66 foizga taʼminlangan.

O‘tgan yil davomida xizmat muddatini o‘tagan, ish unumdorligi past texnikalar o‘rniga yangi yuqori unumli texnikalar bilan taʼminlash maqsadida, viloyat “Agrolizing” kompaniyasi tomonidan viloyatdagi 665 subyekt bilan 812 ta 85,6 milliard so‘mlik qishloq xo‘jalik texnikalarining lizing shartlari asosida yetkazib berish yuzasidan shartnoma tuzilib, Uychi tumaniga 127 ta, Uchqo‘rg‘on tumaniga 103 ta, Mingbuloq tumaniga 102 ta, Kosonsoy, Norin, va Pop tumanlariga 97 tadan, Namangan tumaniga 71 ta, Chust tumaniga 45 ta, To‘raqo‘rg‘on tumaniga 34 ta, Chortoq tumaniga 28 ta hamda Yangiqo‘rg‘on tumaniga 5 ta qishloq xo‘jaligi texnikasi yetkazib berildi.

Viloyatda 2025-2029 yillarda texnikalar sotib olish bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturga ko‘ra, texnika parklarni yangilash va ularni zamonaviy, yuqori unumli va iqtisodiy tejamkor texnikalar bilan taʼminlash ishlari joriy yilda ham izchil davomida ettirilib, 720 ta umumiy qiymati 318 milliard 40 million so‘mlik qishloq xo‘jaligi texnikalarini sotib olish rejalashtirilgan.  

Text to speech