Shu kunlarda respublikamizga keskin sovuq havo oqimi kirib kelayotganligi barchaning diqqat markazida. Ayniqsa, hafta oxirlarida havo haroratining keskin pasayishi kutilmoqda. Bunday sharoitda qorasovuqning salbiy taʼsirini kamaytirish va uni yumshatish choralarini ko‘rish juda zarur. Bu borada mevali daraxtlarni, ayniqsa sovuqqa chidamsiz bo‘lgan anorzor va tokzorlarni sovuqdan asrashga har birimiz eʼtiborli bo‘lishimiz kerak.
Mavsumni talafotsiz va bezarar o‘tkazish maqsadida “O‘zagroinspeksiya”ning 1400 nafar xodimlari tomonidan joylarda anorzor va tokzorlarda ko‘mish tadbirlari alohida nazoratga olingan.
Respublikamiz bo‘ylab o‘tayotgan tadbirlar hisobiga, bugungi holatiga 3 ming 328 gektar ( 27%) anorzor hamda 51 ming 503 gektar ( 56%) tokzorlar sifatli qilib ko‘milib, qishki sovuqli kunlarda chidamli holatga keltirildi.
Jumladan, yurtimizning Surxondaryo, Farg‘ona, Sirdaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlarida mavjud tokzorlarni ko‘mish ishlari 65-70 foizga amalga oshirildi.
Shuningdek, Namangan, Buxoro, Jizzax, Samarqand va Andijon viloyatlarida anorzorlarni qishga tayyorgarlik tadbirlari 45-50 foizga bajarildi.
Bundan tashqari, xodimlar tomonidan mevali bog‘larni sovuqdan saqlash maqsadida olma, gilos, olxo‘ri va boshqa mevali bog‘larning qator orasiga xazonlar yig‘ish ishlari tashkil qilinib, havo harorati 10 gradusdan past bo‘lgan holatda xazonlarni yoqib tutatishga tayyorgarlik ko‘rildi.
Ushbu tadbirlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirishda barcha Inspeksiya xodimlari safarbar qilinib, joylarga chiqqan holda yakunlash chorasini ko‘rib boradi.
"O‘zagroinspeksiya" Axborot xizmati